Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Taftish.uz yangiliklar sayti xodimlarini ham o‘z ichiga olgan besh nafar shaxs jinoyat sodir etishda gumonlanib ushlanganini ma’lum qildi.
Bosh boshqarma rasmiy xabariga ko‘ra, “joriy yilning 16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi va 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, 1988 yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev hamda Taftish.uz OAVsi xodimlari 1992 yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000 yilda tug‘ilgan Sardor Xamidov, 2006 yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998 yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonovlar protsessual tartibda ushlanganlar”.
Ko‘rsatilgan Jinoyat kodeksi moddalarining mazmuni:
- 165-modda — tovlamachilik,
- 168-modda — firibgarlik.
Shuningdek, Bosh boshqarma xabarida ushlanganlarning Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) va 244⁶-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarga aloqadorligi ham qo‘shimcha tekshirilayotgani aytilgan.
Xabarda alohida ta’kidlanishicha, “Taftish.uz OAVsi yopilganligi haqidagi xabarlar asossiz bo‘lib, ushbu nashr kundalik faoliyatini davom ettirmoqda”.
Taftish.uz haqida ma’lum bo‘lganlar
Taftish.uz yangiliklar sayti 2021 yil 24 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Saytdagi so‘nggi materiallar 13 yanvar sanasi bilan e’lon qilingan.
Sayt Elita-Media kompaniyasi bilan bog‘liq. Kompaniyaning faoliyat turi sifatida “yashash uchun mo’ljаllаnmаgаn binolаr qurish” ko‘rsatilgan. Kompaniya 2019 yilda ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniya egasi sifatida Dilshod Anvarovich Irgashev, rahbari sifatida esa ushlangan G‘ayrat Nusratovich Aberayev qayd etilgan.

OAV xabarlariga ko‘ra, G‘ayrat Aberayev 2023 yilda ham qonun bilan muammolarga duch kelgan: o‘shanda u firibgarlik va pora berishga suiqasd qilishda ayblangan.
Toshkent shahar IIBB ish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot keyinchalik taqdim etilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, mavzu bo‘yicha saytimizda o‘qing: O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Taftish.uz xodimlarini tovlamachilik va firibgarlikda aybladi