Samarqand viloyati Pastdarg‘om tuman sudi bloger Sirojiddin Odilovni hibsga olishga sanksiya berdi. U Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28-modda orqali 211-moddada (pora berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida avvalroq Samarqand viloyati IIB xabar bergan edi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, 1961-yilda tug‘ilgan Pastdarg‘om tumani fuqarosi tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U 2024-yil avgust oyida Toshkentda yashovchi 1980-yilda tug‘ilgan S.A. ismli fuqaroga boshqa shaxs bilan moliyaviy masalani hal qilishda yordam so‘rab murojaat qilganini bildirgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, ushbu shaxs vakolatli bo‘lmagan holda arizachidan pul olib, masalani uning foydasiga hal qilishni va’da qilgan, biroq hozirga qadar va’dasini bajarmagan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi, shuningdek 28 va 211-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish belgilandi. Tergovni Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi olib bormoqda.
Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanovning ma’lum qilishicha, sud Sirojiddin Odilovni hibsga olishga sanksiya bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bloger ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lib, YouTube’da katta auditoriyaga ega.
Odilov YouTube’da Sirojiddin Media loyihasini yuritadi, kanalida 900 mingdan ortiq obunachi bor. Facebook’da sahifasiga qariyb 47 ming kishi, Instagram’da esa 32 mingdan ortiq kishi obuna bo‘lgan.
So‘nggi paytlarda bloger Furqat tumani 29-maktab direktori Gulira’no Qosimova ishtirokidagi sud jarayonini yoritib kelgan. Qosimova Furqat tumani IIB rahbarlariga qarshi sudlashgan.
Tashanovning ta’kidlashicha, Odilovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jarayonida protsessual qoidabuzarliklar kuzatilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtiyot chorasi masalasi bo‘yicha sud majlisiga Toshkentdan ikki nafar advokat order bilan kelgan, biroq ularni jarayonga qo‘yishmagan va majlisda davlat tomonidan tayinlangan advokat qatnashgan.
«Himoyalanish huquqi shaxsning imperativ huquqi bo‘lib, bunday huquqning buzilishi jinoyat ishining xolis ko‘rilishiga shubha uyg‘otadi», — deb yozgan Tashanov.
2026-yil boshidan buyon bu O‘zbekistonda jurnalistlar va blogerlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan ilk jinoyat ishi emas.
Yanvar oxirida Urganchda Qonun doirasida loyihasi rahbari Furqat Ro’zmetov va tahririyat xodimi Azamat Avezov hibsga olingan. Ular tuhmat, tovlamachilik va bir qator boshqa jinoyatlarda gumon qilinmoqda. Ikkalasi ham yurist hisoblanadi.
2026-yil 16-yanvarda Toshkentda Taftish.uz OAV bilan bog‘liq besh kishi qo‘lga olingan. Ular Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasi (firibgarlik)da nazarda tutilgan jinoyatlarda gumon qilinmoqda.
20-yanvar kuni Marg‘ilon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi jurnalist Elyor Tojiboyevni Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida aybdor deb topib, uni 4 yil muddatga qattiq tartibli koloniyada jazoni o‘tashga hukm qildi.
Fevral oyida Toshkentda Demokrat.uz rahbari Fazliddinxon Mehmonov va bloger Aziz G‘oipnazarovga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov versiyasiga ko‘ra, ular avtosalon egasidan diskreditlovchi videoni o‘chirish uchun 50 ming dollar talab qilgan. Mehmonov pulning bir qismini olayotganda qo‘lga olingan.