«Qonun doirasida» loyihasi rahbari Furqat Ro’zmetov va tahririyat xodimi Azamat Avezov Urganchda hibsga olingani haqida Xorazm viloyati IIB xabar berdi. Ular tuhmat, tovlamachilik va bir qator boshqa jinoyatlarda gumon qilinmoqda. Ro’zmetov 45 yoshda, Avezov 33 yoshda. Ikkalasi ham yurist.
Rasmiy xabarda aytilishicha, Urganch IIB huzuridagi tergov bo‘limi bir necha fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha dastlabki tekshiruv o‘tkazmoqda.
Hibsga olinganlarga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining yetti moddasi qo‘yilgan, jumladan:
- 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari — Tuhmat
- 165-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari — Tovlamachilik
- 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari — Firibgarlik
- 198-moddasi 3-qismi — Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish
- 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 3-qismi — Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish
- 229-moddasi— O‘zboshimchalik
- 244⁶-moddasi 3-qismi “v” bandi — Yolg‘on axborot tarqatish

Xabarda ishda boshqa shaxslar ham tilga olingan.
Qonundoirasida.uz sayti 2023-yildan beri yangilanmagan, uning ishlab chiqilishi ham yakunlanmagan. Loyiha uchun asosiy axborot kanali — 870 ming obunachiga ega YouTube-kanal. Undagi so‘nggi video 21-yanvarda chiqqan va allaqachon 58 ming marta ko‘rilgan. Loyihaning Telegram (5912 obunachi) va TikTok (23200 obunachi) kanallari ham mavjud.
Bu oxirgi yetti kun ichida jurnalistlarni hibsga olishning kamida ikkinchi holati. 2026-yil 16-yanvarda Toshkentda Taftish.uz OAV bilan bog‘liq besh kishi hibsga olingan. Ular Jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik) va 168 (firibgarlik) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarda gumon qilinmoqda.
Shuningdek, 20-yanvar kuni Marg‘ilon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi jurnalist Elyor Tojiboyevni Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida aybdor deb topib, uni to‘rt yil qattiq tartibli koloniyada jazoni o‘tash bilan ozodlikdan mahrum qildi.
Yozuvdagi suratda Ro’zmetov va Avezov tasvirlangan. Fotosuratlar rasmiy xabarning video yozuvidan olingan.