Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistondagi ikki kompaniyaga sanksiya kiritdi va ilk bor Qirgʻizistonga nisbatan mexanizmni qoʻlladi

By |
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini tasdiqladi, cheklovlar Oʻzbekistondagi kompaniyalarga ham taalluqli bo‘ldi va Qirgʻizistonga nisbatan choralar joriy etildi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini qabul qilib, cheklovlarni nafaqat Rossiya kompaniyalariga, balki uchinchi davlatlardagi tashkilotlarga, jumladan Oʻzbekistonga ham kengaytirdi, shuningdek Qirgʻizistonga nisbatan sanksiyalarni chetlab oʻtishga qarshi maxsus mexanizmni ilk bor qoʻlladi. Bu haqda Yevropa komissiyasi 2026 yil 23 aprelda ma’lum qildi.

Oʻzbekistondagi ikki kompaniyaga sanksiya joriy etildi

Yangi paket doirasida YI Brussel bahosiga koʻra Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasini bevosita yoki bilvosita qoʻllab-quvvatlayotgan bir qator kompaniyalarni sanksiya roʻyxatiga kiritdi. Ular orasida Oʻzbekistondagi ikki kompaniya — Farg’ona Kimyo Zavodi va Raw Materials Cellulose ham bor.

Fargʻonada joylashgan Farg’ona Kimyo Zavodi paxta sellyulozasi ishlab chiqaradi va YI hujjatiga ko‘ra uni Perm porox zavodi hamda Qozon davlat porox zavodiga yetkazib beradi. Yevropa Ittifoqi bu korxonalar xomashyoni Rossiya Qurolli kuchlari uchun qurol-yarogʻ ishlab chiqarishda qoʻllashini ta’kidlaydi. Shuningdek materiallarda kompaniya Rustam Muminov tomonidan nazorat qilinishi va “harbiy texnologiya hamda uskunalar yetkazib berishda ishtirok etish orqali Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasini qoʻllab-quvvatlayotgani” qayd etilgan.

Raw Materials Cellulose ham cheklovlarga tushdi

Sanksiyalar roʻyxatiga Jizzax viloyatidagi Raw Materials Cellulose ham kiritildi. YI ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya paxta sellyulozasi ishlab chiqaradi va uni Rossiyaning harbiy-sanoat korxonalariga, jumladan Tambov porox zavodiga yetkazib beradi, u yerda xomashyo porox ishlab chiqarishda qoʻllanadi. Hujjatda ta’kidlanishicha, kompaniya shu tariqa “harbiy texnologiya va uskunalar yetkazib berishda ishtirok etish orqali Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasini qoʻllab-quvvatlaydi”.

20-paket doirasida YI Rossiyaning mudofaa sektorini bevosita yoki bilvosita qoʻllab-quvvatlayotgan yoki sanksiyalarni chetlab oʻtishda ishtirok etayotgan 60 ta tashkilotni roʻyxatga qoʻshdi. Ular orasida Xitoy, BAA, Turkiya, Tailand, Qozogʻiston, Belarus va Oʻzbekiston kompaniyalari bor.

YI ilk bor Qirgʻizistonga nisbatan sanksiya mexanizmini qoʻlladi

Alohida ravishda Yevropa Ittifoqi ilk bor sanksiyalarni chetlab oʻtishga qarshi mexanizmni butun bir davlat — Qirgʻizistonga nisbatan qoʻlladi. Brusselda “Qirgʻiz Respublikasi tomonidan ayrim stanoklar va telekommunikatsiya uskunalarining Rossiyaga yetkazib berilishini oldini olishda tizimli va barqaror muvaffaqiyatsizlik” kuzatilgani aytildi. Bu uskunalar avval YI davlatlaridan import qilingan. Yevrokomissiya ma’lumotiga ko‘ra, bunday tovarlar Rossiyada dronlar va raketalar ishlab chiqarishda qoʻllanadi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, gap Rossiyaga “Ukrainaga qarshi noqonuniy harbiy tajovuzni davom ettirish va urush olib borish imkoniyatini saqlab qolish”ga yordam beradigan yuqori xavfli ikki tomonlama maqsaddagi tovarlar haqida bormoqda. Anti-circumvention mexanizmini qoʻllash Qirgʻizistonga ayrim tovarlarni eksport qilishga qoʻshimcha cheklovlar joriy etilishi mumkinligini anglatadi, agar ularning Rossiyaga qayta eksport qilinishi xavfi mavjud boʻlsa.

Bundan tashqari, moliyaviy choralar doirasida YI sanksiyalarni chetlab oʻtishga yordam berayotgan yoki Rossiyaning moliyaviy xabar almashish tizimiga ulangan uchinchi davlat banklari bilan operatsiyalarni taqiqladi. Roʻyxatga Qirgʻiziston, Laos va Ozarbayjondan toʻrtta bank kiritildi.

20-sanksiyalar paketi shuningdek energetika, savdo va moliya sohasidagi cheklovlarni hamda Rossiyaning “soya floti”ga qarshi choralarni oʻz ichiga oladi. Xususan, YI Rossiya neftini tashiyotgan kemalar roʻyxatini kengaytirdi, 365 mln yevrodan ortiq qiymatdagi tovarlarga yangi eksport taqiqlarini joriy etdi hamda 530 mln yevrodan ortiq metall, kimyo mahsulotlari va minerallar importiga cheklovlar kiritdi.

Avval sanksiyalarni Buyuk Britaniya, YI va Ukraina joriy etgan

Eslatib oʻtamiz, o‘tgan yil dekabrida Buyuk Britaniya to‘rtta o‘zbek kompaniyasiga — Farg’ona Kimyo Zavodi, Gelion Business Trade (Toshkent–Jizzax), Chemistry International (Navoiy) va Raw Materials Cellulose — hamda Rustam Muminovga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan. Britaniya tomoniga ko‘ra, Muminov Oʻzbekiston, Isroil va Rossiya fuqaroligiga ega.

Fargʻona kimyo zavodiga 100% egalik qiluvchi Mercury Renaissance orqali Muminov ilgari korxonaga bevosita aloqador bo‘lgan. U avval Mercury Renaissance’da 60% ulushga ega bo‘lgan, hozir esa ulush Olga Yurevna Shagiyevaga tegishli.

2025 yil oktyabrda Yevropa Ittifoqi Muminovga nisbatan ham sanksiyalar joriy etgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘tgan yil may oyida Rustam Muminov hamda Oʻzbekistondagi uchta kompaniya — Mercury Renaissance, Raw Materials Cellulose va Fargʻona Kimyo Zavodi — ga nisbatan sanksiyalarni kuchga kiritgan.

Raw Materials Cellulose hozirda toʻrt shaxsga teng ulushlarda tegishli — Larisa Bikova, Babur Kabulniyazov, Azamjon Valixonov va Ma’murjon Alimov.

Shuningdek, ushbu mavzu bo‘yicha saytimizda o‘qing:

Ulashish

Fikr bildirish