O‘zbek tadbirkori Rustam Muminov 2025-yil 23-oktabrda qabul qilingan Yevropa Ittifoqining 19-sanksiya paketiga kiritildi. Yevropa Ittifoqi fikricha, Muminov Farg‘ona Kimyo Zavodini nazorat qilishni davom ettiradi, va tashkilotning ma’lumotiga ko‘ra, zavod Rossiya Qurolli Kuchlari uchun qurol ishlab chiqarish maqsadida Perm va Qozon portlovchi moddalar zavodlariga paxta massasi yetkazib bergan.
“Rustam Muminov O‘zbekistondan bo‘lgan Farg‘ona Kimyo Zavodini nazorat qiladi. Farg‘ona Kimyo Zavodi Perm portlovchi moddalar zavodi va Qozon davlat portlovchi moddalar zavodiga paxta massasini yetkazib bergan, bu korxonalar Rossiya Qurolli Kuchlari uchun qurol ishlab chiqarishda foydalanishgan,” — deyiladi hujjatda. “Shunday qilib, Rustam Muminov Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlaydi.”
Hujjatda shuningdek, Rustam Muminov 1965-yilda tug‘ilgan va O‘zbekiston, Rossiya hamda Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega ekani qayd etilgan.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qoralaydi va yangi sanksiyalarni kiritish orqali bosimni davom ettirishga tayyorligini tasdiqlaydi.

Farg‘ona Kimyo Zavodi 2012-yil 3-avgustda ro‘yxatdan o‘tgan va qog‘oz massasi hamda sellyuloza ishlab chiqaradi. Ustav fondi 51,1 mlrd so‘m. Ta’sischi — Mercury Renaissance (100%), rahbar — Sergey Nazirovich Sabirov.
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida ro‘yxatdan o‘tgan Mercury Renaissance MChJ 2016-yil 11-aprelda ro‘yxatga olingan va fuqarolik ob’ektlarini qurishda ishlatiladigan qurilish texnikasi va uskunalarni ijaraga berish bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi 22,6 mlrd so‘m. Ta’sischilar — Olga Yurevna Shagiyeva (60%) va Shaxriyor Saxiyorovich Tadjiyev (40%), rahbar — Azamjon Nurillayevich Valixonov.

Ammo rasmiy hujjatlarga ko‘ra, joriy yil may oyida Mercury Renaissance’ning 60 foizi Rustam Raximdjanovich Muminovga tegishli edi.

May oyida Ukraina Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga ikki maqsadli mahsulot yetkazib berishda gumon qilib, O‘zbekistondan uchta kompaniyaga sanksiya kiritdi. Ular orasida Raw Materials Cellulose, Mercury Renaissance va Farg‘ona Kimyo Zavodi bor edi. Shu vaqtda Ukraina Rustam Muminovga shaxsiy sanksiyalarni ham joriy etdi.