Buyuk Britaniya Rustam Muminov va to‘rtta O‘zbekiston kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy etdi

By | 20/12/2025
Buyuk Britaniya Rustam Muminov va to‘rtta O‘zbekiston kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy etdi

Buyuk Britaniya Rustam Muminov va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan to‘rtta kompaniyaga, jumladan Farg‘ona kimyo zavodi, Gelion Business Trade MChJ (Toshkent–Jizzax), Chemistry International QK MChJ (Navoiy) hamda Raw Materials Cellulose MChJ (Jizzax)ga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.

Sanksiyalar 2025 yil 18 dekabr kuni Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligi tomonidan “Ukrainani beqarorlashtirishda ishtirok etgan yoki etayotgan, yoxud Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazgan yoki tahdid solgan, shuningdek Rossiya hukumatidan foyda olayotgan yoki uni qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslarga nisbatan” joriy etilgan. Hujjatning to‘liq matni quyida ilova qilingan.

Kimlar sanksiyalar ostiga tushdi

Rustam Raximdjanovich Muminov allaqachon Ukraina va Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalarga tortilgan. Farg‘ona kimyo zavodi hamda Jizzaxdagi Raw Materials Cellulose kompaniyasi ham Ukraina sanksiyalari ostida. Ushbu korxonalar haqida men avvalroq batafsil yozganman (yuqoridagi havolaga qarang).

Yog‘och massasi va sellyuloza ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Raw Materials Cellulose kompaniyasida bu vaqt ichida ta’sischilar tarkibi o‘zgargan. Ustav kapitali 40,2 mlrd so‘m bo‘lgan ulushning 76 foiziga ega bo‘lgan Larisa Mixaylovna Utkina ta’sischilar safidan chiqqan. Larisa Raximdjanovna Bikovaga qo‘shimcha ravishda Babur Lutfullayevich Kabulniyazov, Azamjon Nurillayevich Valixonov va Ma’murjon Maxmudjon o‘g‘li Alimov ta’sischi sifatida paydo bo‘lgan. To‘rtalasining har birida 25 foizdan ulush mavjud.

Farg‘ona kimyo zavodi bo‘yicha ma’lumotlar o‘zgarmagan. Uning yagona ta’sischisi hanuzgacha Rustam Muminov bilan bog‘lanadigan Mercury Renaissance hisoblanadi. Avval Muminov ushbu kompaniyada 60 foiz ulushga ega bo‘lgan.

Gelion Business Trade MChJ 2024 yil 5 fevralda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Hozirgi kunda kompaniyaning 100 foiz ulushi Olimxo‘ja Raimxo‘jayevich Parpiyevga tegishli bo‘lib, u korxona rahbari ham hisoblanadi. Korxona to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Avvalroq kompaniya Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, uning 100 foiz egasi va rahbari Raxmatjon Raimjonovich Shadiyev bo‘lgan. O‘sha paytda faoliyat turi sifatida ixtisoslashmagan ulgurji savdo ko‘rsatilgan. MChJning ustav kapitali hozir ham, avval ham 5 mln so‘mni tashkil etadi.

Chemistry International qo‘shma korxonasi 2021 yil 27 oktyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, birlamchi shakldagi plastmassa ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilari — Alliance Capital (76,10 foiz) va “Navoiyazot” AJ (23,90 foiz). Kompaniyaning ustav kapitali 100,8 mlrd so‘mni tashkil etadi. Rahbari — Shuxrat Zayerovich Safarov.

Rustam Raximdjanovich Muminov 1953 yil 26 dekabrda Toshkentda tug‘ilgan. Hujjatga ko‘ra, u O‘zbekiston, Isroil va Rossiya fuqaroligiga ega.

Sanksiyalar amalda nimani anglatadi

Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilish aktivlarni muzlatishni anglatadi. Belgilangan shaxs va kompaniyalarga, shuningdek ular egalik qiladigan yoki nazorat qiladigan tuzilmalarga tegishli barcha hisoblar, mablag‘lar va iqtisodiy resurslar muzlatiladi.

Ushbu mablag‘lar bilan bog‘liq har qanday operatsiyalar Buyuk Britaniyaning Moliyaviy sanksiyalarni amalga oshirish boshqarmasi (OFSI) tomonidan berilgan maxsus litsenziya bo‘lmasa, taqiqlanadi. Banklar va boshqa tashkilotlarga bunday mablag‘larni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita sanksiya ostidagi shaxslar foydasiga taqdim etish man etiladi.

Shuningdek, trust services — sanksiya ostidagi shaxslar va kompaniyalar aktivlarini boshqarish uchun trastlar va ishonchli tuzilmalardan foydalanish ham taqiqlangan.

Tashkilotlar va jismoniy shaxslar sanksiyalar ro‘yxatidagi shaxslarga aloqador aniqlangan hisoblar va aktivlar haqida OFSIga xabar berishi shart. Sanksiya rejimini buzish yoki uni chetlab o‘tishga urinish jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin.

Bu choralar Rustam Muminov va to‘rtta O‘zbekiston kompaniyasining biznesiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi ularning Buyuk Britaniya yurisdiksiyasiga tushadigan aktivlari, moliyaviy operatsiyalari yoki tuzilmalari mavjudligiga bog‘liq.

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan