Ozarbayjonda Ozarbayjon, Turkiya va Oʻzbekiston harbiy xizmatchilari ishtirokidagi “Birlik kuchi – 2026” qoʻshma harbiy mashgʻulotlari boshlandi.
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi maʼlumotlariga koʻra, mashgʻulotlar Ozarbayjonning Qorabogʻ iqtisodiy hududidagi “Qizilgaya” oʻquv-mashgʻulot markazida boshlandi. Unda uch davlat mudofaa vazirliklari boʻlinmalari, harbiy texnika, dengiz kuchlari, aviatsiya va uchuvchisiz uchish apparatlari ishtirok etmoqda.
Mashgʻulotlarning asosiy maqsadi qoʻshma operatsiyalarga tayyorgarlik darajasini oshirish, qoʻshinlar oʻrtasidagi hamkorlikni takomillashtirish hamda boʻlinmalarning jangovar salohiyatini rivojlantirishdan iborat. Harbiy idoralar, shuningdek, tajriba almashish va uch davlat qurolli kuchlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.
Uch bosqichdan iborat mashgʻulotlar Qorabogʻ iqtisodiy hududidagi “Qizilgaya”, Naxichevan Muxtor Respublikasidagi “Qorabogʻlar” hamda Kaspiy dengizining Ozarbayjon sektoridagi “Buyuk Zira” poligonlarida oʻtkaziladi.
Mashgʻulotlar Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning Toshkentga davlat tashrifidan bir oydan ham kam vaqt oʻtib boshlandi. Tashrifning asosiy natijasi Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi boʻldi.
Mazkur hujjat ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish yoʻnalishini mustahkamladi. Avvalroq bu munosabatlar Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma hamda strategik sheriklikka oid qator bitimlar bilan mustahkamlangan edi.
Shu fonda qoʻshma mashgʻulotlar Toshkent va Boku oʻrtasidagi harbiy sohadagi amaliy hamkorlikning eng koʻzga koʻringan namunalaridan biriga aylandi. Agar ilgari ikki tomonlama kun tartibida asosan investitsiya loyihalari, transport tashabbuslari va gumanitar hamkorlik ustuvor boʻlgan boʻlsa, bugungi mashgʻulotlar ikki davlat qurolli kuchlari oʻrtasidagi aloqalar ham rivojlanayotganini koʻrsatmoqda.
Yep.uz’ning mavzu boʻyicha boshqa materiallari: