O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 17–19 fevral kunlari Vashingtonga ishchi tashrif buyurib, Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Tinchlik kengashining birinchi sammiti AQSh Tinchlik institutida o‘tkazilib, G‘azo sektorida tiklash ishlari va gumanitar yordam ko‘rsatish masalalariga, shuningdek, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga bag‘ishlanadi.
Tashrif dasturi doirasida Mirziyoyev strategik loyihalar taqdimoti va iqtisodiy sohada ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida ishtirok etishi rejalashtirilgan. Tadbirlarda yetakchi amerikalik kompaniyalar va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tinchlik kengashi Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan. O‘zbekiston joriy yil yanvar oyida Shveytsariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda uning asoschi davlatlaridan biri sifatida unga qo‘shilgan.
Ham o‘qing: Mirziyoyev Davosda “Tinchlik kengashi” nizomini imzoladi