Mirziyoyev Davosda “Tinchlik kengashi” nizomini imzoladi

By | 22/01/2026
Shavkat Mirziyoyev Davosda Tinchlik kengashi nizomini imzolamoqda. Yonida Donald Tramp

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni Shveytsariyaning Davos shahrida AQSh Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi. O‘zbekiston yangi tuzilmaning ta’sischi davlatlari qatoriga kirdi.

22-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shveytsariyaning Davos shahrida “Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimida qatnashdi. Tadbir AQSh Prezidenti Donald Tramp raisligida Jahon iqtisodiy forumi doirasida bo‘lib o‘tdi. Marosimda qariyb yigirmaga yaqin davlat rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Kengashni tuzish G‘azo sektoridagi mojaroni tugatishga qaratilgan Kompleks reja ijrosining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda. BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan ushbu tashabbusning maqsadlari — keskinlik xavfini kamaytirish, G‘azoni tiklash uchun sharoit yaratish va Falastin davlati istiqbolini shakllantirishdir. Nizomni imzolash orqali O‘zbekiston Kengashning ta’sischi davlatlaridan biriga aylandi.

Imzolovchilar qatoriga Argentina, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Qatar, Indoneziya, Mongoliya, Marokash va boshqa davlatlar kiradi. Nizomni davlat rahbarlari, bosh vazirlar va tashqi ishlar vazirlari imzoladi.

Shu bilan birga, tashabbus ayrim xalqaro hamkorlarda savollarni tug‘dirmoqda. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivet Kuper BBCga bergan bayonotida, London Kengashga qo‘shilish taklifini olganini, biroq hozircha uning vakolatlari kengligi va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning unda ishtirok etishi ehtimoli sababli qaror qabul qilmaganini aytdi.

Qo‘shimcha shubhalar nizom matni bilan ham bog‘liq: Kengash tinchlik qurilishi sohasida global mandatga ega xalqaro tashkilot sifatida e’lon qilinadi, uning raisi Donald Tramp bo‘lishi va ijroiya kengashi a’zolarini tayinlash huquqiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Hujjatga ko‘ra, doimiy o‘rinlarni 1 milliard dollar miqdorida badal to‘lagan davlatlar olishlari mumkin bo‘ladi.

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan