Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha bitim imzolandi

By | 17/12/2025
Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha bitim imzolandi

2025 yil 16 dekabr kuni Bishkek shahrida Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi loyihasini moliyalashtirish uchun kredit bitimi imzolandi. Imzolash marosimida Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari — suv resurslari, qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Bakit Toroboyev ishtirok etdi.

Bitim uch davlat tomonidan tashkil etilgan qoʻshma loyiha kompaniyasi — «Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli kompaniyasi» MChJ hamda Xitoy Xalq Respublikasi banklari sindikati oʻrtasida tuzildi. Sindikat tarkibiga Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Xitoy Eksport-import banki kirdi.

Loyihaning umumiy qiymati 4,7 milliard AQSh dollariga baholanmoqda. Shundan taxminan 2,3 milliard AQSh dollari Xitoy tomonidan qoʻshma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga kredit sifatida taqdim etiladi. Bu mablagʻni qaytarish loyiha kompaniyasining oʻzi hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Yana 2,3 milliard AQSh dollari ishtirokchi davlatlar tomonidan kompaniyaning ustav kapitaliga kiritiladi: Xitoy — 51 foiz, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston — har biri 24,5 foizdan.

Bakit Toroboyevning aytishicha, Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi va qoʻshma loyiha kompaniyasi oʻrtasidagi investitsiya bitimining asosiy shartlaridan biri loyihaning toʻliq moliyaviy taʼminotini 2025 yil 20 dekabrga qadar yakunlash hisoblanadi. Uning soʻzlariga koʻra, bu talab muddatidan oldin bajarilgan.

«Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli kompaniyasi» MChJ bosh direktori Chjou Sin qoʻshma loyiha kompaniyasi jalb etilgan mablagʻlardan samarali foydalanish hamda bitim bo‘yicha barcha majburiyatlarni belgilangan muddatlarda bajarishga eʼtibor qaratishini taʼkidladi.

Temir yoʻl loyihasi mintaqadagi eng murakkab muhandislik loyihalaridan biri hisoblanadi. Qurilish doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr boʻlgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel barpo etilishi rejalashtirilgan. Shunday qilib, yoʻnalishning qariyb 40 foizi tunnel va ko‘priklar orqali oʻtadi. Qirgʻiziston hududidagi temir yoʻl uchastkasining umumiy uzunligi 304 kilometrni tashkil etadi.

Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishiga rasmiy start 2024 yil 27 dekabr kuni Qirgʻizistonning Jalolobod shahrida berilgan. O‘sha marosimda Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Xitoy va Oʻzbekiston rahbariyati vakillari ishtirok etib, loyiha ahamiyati haqida murojaatlar bilan chiqish qilgan.

«Qashqar – Torug’art – Makmal – Jalolobod – Andijon» yoʻnalishi orqali yuklar Xitoydan Qirgʻizistonga, shuningdek Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan Turkiyaga va undan keyin Yevropa Ittifoqiga yetkaziladi. Mazkur transport yoʻlagi bo‘yicha yillik yuk tashish hajmi 15 million tonnagacha yetishi kutilmoqda. Xitoydan Yevropa mamlakatlariga yuk yetkazish masofasi bir necha ming kilometrga, yetkazib berish muddati esa deyarli bir haftaga qisqaradi. Shuningdek, muntazam yoʻlovchi tashuvlari ham yoʻlga qoʻyilishi mumkin.

«Kelajakda ushbu temir yo‘l liniyasi va Transafg‘on yo‘lagining tutashtirilishi Xitoy, Markaziy va Janubiy Osiyoning transport-kommunikatsiya aloqadorligini samarali bog‘lash va mustahkamlash imkonini beradi», — degan edi Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yil dekabr oyida.

Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻlining umumiy uzunligi 532,53 kilometrni tashkil etadi. 20 ta temir yoʻl stansiyasini (shundan ikkitasi istiqbolli) qurish rejalashtirilgan. Ular orasida 2 ta chegara stansiyasi, 1 ta yuk qayta ortish stansiyasi, 4 ta oraliq stansiya va 13 ta razyezd mavjud. Bundan tashqari, tranzit-logistika infratuzilmasi yaratiladi, omborlar va terminallar barpo etiladi.

Oʻtgan yil dekabr oyida temir yoʻl magistrali qurilishi 2030 yil oxiriga qadar yakunlanishi va shundan soʻng toʻliq quvvat bilan ish boshlashi kutilayotgani haqida xabar qilingan edi.

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan