Ta’tilni rejalashtirayotganingizda, quyidagi to‘rtta savolga qanday ketma-ketlikda javob berasiz?
- Qayerga boraman?
- U yerda nima qilaman?
- Kim bilan boraman?
- Oldingi sayohatlarim (ta’tillarim) ichida qaysilaridan eng ko‘p zavq olganman va nega?
Ta’til o‘tkazish yoki yaxshi bir joyga sayohat qilish haqida o‘ylaganingizda, rejalashtirish va tanlov qilish haqiqatan ham murakkab bo‘lishi mumkin. Internetda mehmonxonalar, restoranlar va diqqatga sazovor joylar haqida minglab sharhlar mavjud. Sayohat qilishning juda ko‘p usullari va borish mumkin bo‘lgan minglab joylar bor. Nimadan boshlash kerak? Quyida Yep.uz sayti tavsiyalari keltirilgan.
Ta’til muvaffaqiyatli o‘tishi uchun bu savollarga qanday ketma-ketlikda javob bergan ma’qul?
Sizga mos dam olish turini topish uchun quyidagi tartibda harakat qiling.
Birinchi qadam. Ta’tilda nima bilan shug‘ullanishni xohlayotganingiz haqida o‘ylang (U yerda nima qilaman?). Odatda odamlar avval qayerga borishni hal qilishga harakat qiladi, ammo bu noto‘g‘ri. Eng avvalo, ta’til paytida nima qilishni istashingizni aniqlang.
Dam olishni xohlaysizmi? Juda yaxshi. Unda odatda qanday dam olishingiz haqida o‘ylang. Masalan, yoga bilan shug‘ullanishni yoki kitob o‘qishni yoqtirasizmi? Yoki faolroq mashg‘ulotlarni afzal ko‘rasizmi?
Butunlay boshqa joyga borishni xohlaysizmi? Sizga nima ko‘proq yoqadi — yangi va hayratlanarli shahar yoki chekka qishloq hududi? Balki siz yashayotgan joyda uchramaydigan hayvonlarni ko‘rishni istarsiz (hayvonot bog‘i hisobga olinmaydi)? Mutlaqo yangi narsalarni ko‘rish odatiy hayotni unutishning ajoyib usulidir.
Yoki siz sarguzasht izlayotgandirsiz? Eng baland tog‘ga chiqishni (hech bo‘lmaganda o‘z hududingizdagi) yoki sizga notanish odamlar, xalqlar yoki qabilalar orasida yashab ko‘rishni xohlaysizmi?
Yangi narsani o‘rganishni istaysizmi? Masalan, biror mamlakat taomlarini tayyorlashni o‘rganish yoki notanish madaniyatni o‘zlashtirish bilan birga yangi tilda gapira boshlashni?
Orzuingizni amalga oshirish uchun ta’til juda mos vaqt hisoblanadi.
Endi ikkinchi qadam. Birga boradigan odamlar haqida o‘ylang (Kim bilan boraman?). Bu oila a’zolaringizmi yoki do‘stlaringizmi? Ularning farzandlari bormi? Ular ta’tilda nima bilan shug‘ullanishni xohlaydi? Odamlarning ehtiyojlari va qiziqishlari turlicha bo‘ladi. Agar barchangiz ta’tildan zavqlanishni istasangiz, hammangiz bir xil narsani xohlayotganingizga ishonch hosil qilishingiz kerak.
Muhim: agar ta’til paytida yangi odamlar bilan tanishishni istasangiz, ehtimol yolg‘iz sayohat qilganingiz ma’qul.
Uchinchi qadam. O‘tmishdagi yaxshi ta’tillaringiz haqida o‘ylang. Nega ular shunchalik yaxshi bo‘lgan edi (Oldingi sayohatlarim (ta’tillarim) ichida qaysilaridan eng ko‘p zavq olganman va nega?)? Balki buning sababi o‘sha paytda yoningizda bo‘lgan odamlar bo‘lgandir. Yoki o‘sha ta’tilda nimanidir o‘rganganingiz, yoxud yangi tajriba orttirganingiz sabab bo‘lgandir. O‘sha ta’tildan nimani yana takrorlash mumkin?
Albatta, boshqa omillarni ham hisobga olish kerak, masalan, qancha mablag‘ sarflashingiz mumkinligi va qancha vaqt dam olishingiz mumkinligi.
Ammo avval shu uch qadamni bajaring. Shundan keyingina qayerga borishni xohlayotganingiz haqida o‘ylashga tayyor bo‘lasiz (Qayerga boraman?).
Siz ta’tilni qanday rejalashtirasiz? Nima qilmoqchisiz va kim bilan? Hayotingizdagi eng unutilmas ta’til qaysi bo‘lgan? Endi qayerga borishni rejalashtiryapsiz? Ta’tilni rejalashtirishda siz uchun eng muhim narsa nima?