O‘zbekistonning milliy aviatashuvchisi Uzbekistan Airways aviatsiya yoqilg‘isi tanqisligi va uning narxi oshganini sabab qilib, Rossiyaga ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar chastotasi qisqartirilishini e’lon qildi.
Kompaniya bo‘lajak o‘zgarishlar haqida 12-iyun kuni ma’lum qildi. Bayonotda qisqartirish O‘zbekiston shaharlari va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ayrim yo‘nalishlarga taalluqli bo‘lishi aytilgan. Biroq tashuvchi qaysi reyslar qisqartirilishi yoki bekor qilinishiga aniqlik kiritmagan.
«Aviatsiya yoqilg‘isi tanqisligi va uning qimmatlashishi sababli biz O‘zbekiston shaharlaridan Rossiya Federatsiyasiga ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar sonini qisqartirishga majburmiz», — deyiladi aviakompaniya xabarida.
Bekor qilingan reyslar yo‘lovchilariga keyingi mavjud reyslarga bepul qayta bron qilish yoki chipta qiymatini jarimasiz to‘liq qaytarib olish taklif etilgan.
Uzbekistan Airways bayonoti Rossiya hukumati aviatsiya kerosinini eksport qilishni vaqtincha taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilganidan ikki haftadan kam vaqt o‘tib e’lon qilindi.
Rossiya hukumati tomonidan 2026-yil 30-mayda qabul qilingan 646-sonli qarorga muvofiq, iyun oyining boshidan 30-noyabrgacha reaktiv dvigatellar uchun mo‘ljallangan yoqilg‘ini mamlakat tashqarisiga olib chiqish taqiqlangan. Rasmiylar bu chorani ichki yoqilg‘i bozorida «barqaror vaziyatni ta’minlash» va rossiyalik iste’molchilarni yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlash zarurati bilan izohladi.
Taqiq birja savdolarida xarid qilingan aviatsiya kerosiniga ham tatbiq etiladi. Cheklovlar kuchga kirishidan oldin rasmiylashtirilgan ayrim partiyalar, havo kemalari bortidagi yoqilg‘i hamda hukumatlararo bitimlar doirasidagi yetkazib berishlar bundan mustasno hisoblanadi.
Rossiya O‘zbekiston uchun xalqaro aviatashuvlarning eng yirik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Reyslar Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarini Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Yekaterinburg, Novosibirsk, Krasnoyarsk va Xabarovsk bilan bog‘laydi.
Uzbekistan Airways o‘z xabarida Rossiya shaharlariga parvozlar davom etayotganini, biroq aviatsiya yoqilg‘isi bozoridagi vaziyat sabab jadvalga tuzatishlar kiritilganini ta’kidladi.
Kompaniya yo‘lovchilarga safardan oldin amaldagi parvozlar jadvalini tekshirishni tavsiya qildi.
Shuningdek o‘qing: