So‘nggi ma’lumot: Toshkent yerusti halqa metro liniyasining ishga tushirilishi noyabr oyi boshiga qoldirildi
Toshkentda «O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi» yerusti halqa yo‘li yo‘nalishi taxminan 18 oktabrda ishga tushishi mumkinligi haqida «Toshkent metropoliteni» DUK xabar berdi.
Rasmiy bayonotda profilaktik ishlar yakuniy bosqichga yetganligi qayd etilgan.
«Metro poyezdlar harakati va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida ushbu yo‘nalishda poyezdlar harakati sinov tariqasida (yo‘lovchilarsiz) bir muddat harakatlanadi», — deyiladi xabarda.
Agar sinov jarayonlari muvaffaqiyatli o‘tsa va ijobiy xulosa berilsa, yo‘nalish bo‘yicha harakat yo‘lovchilar uchun «taxminan» 18 oktabrdan tiklanadi. Ishga tushirish sanasi haqida qo‘shimcha ma’lumot «Toshkent metropoliteni» DUKning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida beriladi.
Eslatib o‘tamiz, yo‘nalishning oxirgi qismi — «Texnopark»dan «Yangiobod»gacha bo‘lgan masofa bo‘yicha harakat 2025 yil 2 avgustdan to‘liq to‘xtatilgan edi. Barcha 14 ta bekat rejalashtirilgan profilaktik ishlar sababli yopilgan. Bu ishlar «jahon tajribasidan kelib chiqqan holda» xavfsizlikni oshirish va xizmat sifatini yaxshilash uchun o‘tkazilmoqda. To‘liq yopilish bosqichma-bosqich amalga oshirilgan: 2025 yil 8 iyundan «Turon» va «Qipchoq» o‘rtasidagi harakat to‘xtatilgan, iyun oxirida esa «Yangiobod»dan «Quruvchilar»gacha bo‘lgan yetti bekatda profilaktika ishlari boshlangan.
Halqa yo‘lining qurilishi 2017 yilda boshlangan. Birinchi bosqichdagi yetti bekat 2020 yil sentyabrida ochilgan, ikkinchi bosqichdagi besh bekat esa 2023 yil aprelida ishga tushirilgan. Umumiy hisobda halqa yo‘lida 14 ta bekat mavjud bo‘lib, bu loyiha Toshkent transportini modernizatsiya qilishning asosiy elementlaridan biriga aylangan.