Toshkentda “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” metro halqa yo‘nalishi to‘liq yopiladi

By | 28/07/2025
Toshkent metropoliteni sxemasi

2025 yil 2 oktabr holatiga ko‘ra yo‘nalishning ishga tushishi haqida — alohida maqolada o‘qing: Toshkentda yerusti halqa yo‘li 18 oktabrda ishga tushishi mumkin.

2025-yil 2-avgustdan boshlab Toshkent metropolitenining yer usti halqa yo‘lining oxirgi ishlayotgan uchastkasi — “Texnopark”dan “Yangiobod”gacha bo‘lgan qismda poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatiladi. Shunday qilib, “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” yo‘nalishidagi barcha 14 ta bekat rejalashtirilgan profilaktika ishlari uchun yopiladi.

“Тoshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi xabariga ko‘ra, bu profilaktika ishlari “jahon tajribasidan kelib chiqqan holda”, xavfsizlikni taʼminlash va xizmat sifatini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Kompaniya vakillari bunday ishlar estakada va bekatlar maʼlum muddat ishlatilgandan so‘ng zarur bo‘lishini qayd etgan.

“Metro poyezdlar harakati va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida, yer usti estakadalari va bekatlari ma’lum muddat foydalangandan so‘ng, rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish lozim”, — deyiladi metropoliten bayonotida.

Yo‘lovchilarga noqulayliklarni kamaytirish maqsadida 2-avgustdan boshlab «Texnopark”–“Qipchoq”–“Texnopark” yo‘nalishi bo‘yicha katta sig‘imli avtobuslar (metrobuslar) bepul qatnaydi. Metropoliten maʼlumotiga ko‘ra, metrobuslar ertalab soat 05:00 dan kechki 23:00 gacha harakatlanadi.

Halqa yo‘nalishining to‘liq yopilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. 2025-yil 8-iyundan boshlab “Turon” va “Qipchoq” bekatlari o‘rtasida harakat to‘xtatilgan edi. Iyun oyi oxirida esa yana yetti bekat — “Yangiobod”dan “Quruvchilar”gacha bo‘lgan qism — profilaktika uchun yopilgan edi.

Yer usti halqa yo‘nalishi qurilishi 2017-yilda boshlangan. Yo‘nalish qisman avvalgi tramvay liniyasi marshrutini takrorlaydi. Dastlab bu yo‘nalishda shahar elektr poyezdi harakati rejalashtirilgan edi. Dastlabki bosqichdagi 7 ta bekat 2020-yil sentabrda ochilgan, yana 5 tasi esa 2023-yil aprel oyida ishga tushirilgan. Umuman olganda, halqa yo‘nalishida 14 ta bekat va ularni bog‘lovchi uchastkalar mavjud.

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan