O‘zbekistonda Prezident Administratsiyasi isloh qilinmoqda: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatildi

By | 14/07/2025
Oʻzbekistonda Prezident Administratsiyasi isloh qilinmoqda: AOKA tugatildi

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tugatilib, uning o‘rnida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etilmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi va ustuvor yo‘nalishlari

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga binoan, Prezident Administratsiyasining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi. Optimallashtirish natijasida 284 ta shtat birliklari qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar tugatildi.

Administratsiya faoliyatida beshta ustuvor yo‘nalish belgilangandi:

  • ta’lim,
  • biznes muhiti,
  • sud-huquq tizimi,
  • sog‘liqni saqlash,
  • suv resurslari.

Mazkur yo‘nalishlarda islohotlarni muvofiqlashtirish uchun rahbarning beshta o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Yangi lavozimlar va departamentlar

Bundan tashqari, Prezidentning strategik rivojlanish va tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchilari lavozimlari joriy etildi. Tuzilmada quyidagi maxsus departamentlar tashkil etildi:

  • moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt,
  • kreyetiv iqtisodiyot va turizm,
  • jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi,
  • tadbirlarni tashkil etish hamda tahliliy materiallar tayyorlash,
  • kommunikatsiyalar.

Ilmiy yondashuv va oshkoralik

Endilikda barcha normativ-huquqiy hujjatlar va loyihalar Prezident Administratsiyasi huzuridagi tahliliy institutlarning ilmiy tadqiqotlari asosida, mahalliy va xorijiy ekspertlarning tavsiyalari inobatga olingan holda ishlab chiqiladi.

Administratsiya faoliyatiga komplayens tizimi joriy etilmoqda — bu atama odatda qonun va me’yoriy hujjatlarni, nazorat organlari ko‘rsatmalarini va ichki etik kodeksni buzilishini oldini olishga qaratilgan tashabbuslarni anglatadi. Asadovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizim oshkoralikni ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash va korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.

Aholi bilan muloqotni yaxshilash

Davlat organlarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshirilmoqda. Matbuot kotiblari institutining salohiyati kuchaytirilmoqda, aholiga axborot yetkazish va OAV bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilmoqda.

Rahbariyatdagi shaxsiy tayinlov

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida prezident farmoni bilan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi qayta joriy etilgan edi. Ushbu lavozim prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva tomonidan egallandi. U bunga qadar prezident yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan va endilikda davlat boshqaruvining muhim apparatini boshqaradi.

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan