O‘zbekistonda xorijdan qaytgan fuqarolar uchun OIV bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rik joriy etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi uchinchi o‘qishda OIV infeksiyasi bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikni joriy etuvchi qonun loyihasini qabul qildi. Bu norma 90 kundan ortiq xorijda bo‘lgan fuqarolar uchun amal qiladi.
Qonuniy o‘zgarishlarga ko‘ra, OIV bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rik quyidagi shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi:
- O‘zbekiston fuqarolari (18 yoshdan 60 yoshgacha) — agar ular 90 kundan ortiq uzluksiz xorijda bo‘lgan bo‘lsa;
- O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
- O‘zbekistonga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
Moliyalashtirish tartibi quyidagicha belgilangan:
- O‘zbekiston fuqarolari va doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun tibbiy ko‘rik Davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi;
- chet el fuqarolari va mehnat muhojirlari esa tibbiy ko‘rikdan o‘z mablag‘i, ish beruvchi mablag‘i yoki qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan o‘tadilar.
Deputatlar ta’kidlashicha, qonun loyihasi OIV va boshqa yuqumli kasalliklarning tarqalishini oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda mehnat migratsiyasi jarayonida ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlovchi huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi quyi palatada qabul qilinib, Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.