Jizzaxda bloger Sirojiddin Abdilov ustidan sud boshlandi

By |
Bloger Sirojiddin Odilov

Jizzax shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida «Sirojiddin Media» MChJ rahbari, bloger Sirojiddin Adilovga oid jinoyat ishi bo‘yicha ochiq sud muhokamasi boshlandi.

Jizzax viloyati sud organlarining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, ish bo‘yicha dastlabki sud majlisi 2026 yil 20 iyul kuni soat 15:00 da bo‘lib o‘tdi. Ishni sudya Sanjarbek Igamkulovich Rasulov ko‘rib chiqmoqda.

Tergov tomonidan Adilovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi (tovlamachilik), shuningdek 168-moddasi 3-qismi «b» va «v» bandlari (firibgarlik) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hibsdan sudgacha

Sirojiddin Adilov 2026 yil mart oyida Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov qilingan jinoyat ishi doirasida hibsga olingan edi.

O‘shanda huquqni muhofaza qiluvchi organlar Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilganini ma’lum qilgan. Tergov talqiniga ko‘ra, u 2024 yil avgust oyida Toshkent shahrida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan S.A.ga boshqa bir shaxs bilan bog‘liq moliyaviy nizoni hal qilishda yordam berishi uchun pul bergan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi tegishli vakolatlarga ega bo‘lmagan holda masalani arizachi foydasiga hal qilib berishni va’da qilib pul olgan, biroq va’dasini bajarmagan.

Dastlab jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik), shuningdek 28 va 211-moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan edi. Ushbu moddalar pora berish bilan bog‘liq jinoyatlarni nazarda tutadi.

Sudning yangi rasmiy axborotida esa 211-modda tilga olinmagan. Uning o‘rniga ayblov tarkibiga 165-modda — tovlamachilik kiritilgan.

Ayblov moddalarida qanday jazo nazarda tutilgan?

Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan tovlamachilik uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Ushbu modda bo‘yicha besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Adilovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» va «v» bandlari bo‘yicha ham ayblov qo‘yilgan. Mazkur modda jarima, axloq tuzatish ishlari yoki besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Mamlakatdagi eng taniqli blogerlardan biri

Sirojiddin Adilov Sirojiddin Media loyihasini yuritadi va O‘zbekistondagi eng taniqli blogerlardan biri hisoblanadi. Uning YouTube-kanalida 900 mingdan ortiq obunachi bor. U avvalroq jamiyat uchun muhim mavzular va sud jarayonlarini faol yoritib kelgan.

Adilov hibsga olinganidan so‘ng huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov ehtiyot chorasi masalasi ko‘rilgan sud majlisida protsessual qoidalar buzilgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdan kelgan advokatlar sud jarayoniga qo‘yilmagan, bloger manfaatlarini esa davlat tomonidan tayinlangan himoyachi vakillik qilgan.

Ayblovlar mohiyati bo‘yicha sud muhokamasi endigina boshlandi. Sudlanuvchining aybdor yoki aybsizligi yuzasidan yakuniy huquqiy bahoni sud ishni to‘liq ko‘rib chiqqandan so‘ng beradi.

Adilov ishi blogerlar va jurnalistlarga oid boshqa jarayonlar fonida

Sirojiddin Adilov ishi 2026 yilda O‘zbekistonda jurnalistlar va blogerlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan bir qator shov-shuvli jinoyat ishlari fonida ko‘rilmoqda.

Yanvar oyida Taftish.uz loyihasi bilan bog‘liq shaxslar tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. Shu oyda Qonun doirasida loyihasi rahbari Furqat Ro’zmetov va tahririyat xodimi Azamat Avezov ham qamoqqa olingan. Shuningdek, yanvar oyida Marg‘ilon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi jurnalist Elyor Tojiboyevni aybdor deb topib, to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.

Fevral oyida esa Demokrat.uz rahbari Fazliddinxon Mehmonov va bloger Aziz G’oipnazarovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov talqiniga ko‘ra, ular diskreditlovchi videoni o‘chirib tashlash evaziga pul talab qilgan.

Shuningdek o‘qing:

Ulashish

Fikr bildirish