O‘zbekiston Markaziy banki 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha mijozlar murojaatlari indeksi eng yuqori bo‘lgan tijorat banklari ro‘yxatini e’lon qildi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, indeks Markaziy bank va boshqa davlat organlariga bank ustidan kelib tushgan shikoyatlar ulushi uning bozordagi mijozlar ulushiga qanchalik mos kelishini ko‘rsatadi. Ko‘rsatkich qanchalik yuqori bo‘lsa, bankning mijozlar bazasi hajmiga nisbatan murojaatlar soni shunchalik ko‘p bo‘ladi. Bunda indeks bankning moliyaviy barqarorligi, ishonchliligi yoki umumiy faoliyat sifati bahosi hisoblanmaydi.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, eng yuqori murojaatlar indeksi Biznesni rivojlantirish bank bo‘yicha qayd etilgan — 3,34. Undan keyin Anor Bank (3,29), Mikrokreditbank (3,23), AVO Bank (2,16) va TBC Bank (2,06) joylashgan.
Murojaatlar indeksi eng yuqori bo‘lgan o‘nta bank qatoriga, shuningdek, Davr Bank (1,85), Tenge Bank (1,72), Asakabank (1,26), Turon Bank (1,25) va Agro Bank (1,22) ham kirdi.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, mijozlar bazasiga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi ayrim masalalarga qo‘shimcha e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatishi mumkin. Ular qatoriga bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha mijozlarga yetarli tushuntirish berilmasligi, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik, takroriy shikoyatlarga sabab bo‘layotgan tizimli muammolarning saqlanib qolishi, shuningdek masofaviy xizmatlar, to‘lovlar, kreditlar va boshqa bank operatsiyalariga oid masalalarni hal etishdagi kechikishlar kiradi.
Regulyator moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurligini ham qayd etdi.
Shu munosabat bilan Markaziy bank ro‘yxatga kirgan banklarga murojaatlar sabablari bo‘yicha chuqurroq tahlil o‘tkazish, takroriy shikoyatlarga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillarini takomillashtirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va ichki nazoratni kuchaytirishni tavsiya etdi.
Indeks murojaatlar ulushining bankning bozordagi mijozlar ulushiga nisbatidan kelib chiqib hisoblanadi. Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar uchun ko‘rsatkich hisoblanmaydi va ular reytingga kiritilmaydi.
Markaziy bank alohida ta’kidlaganidek, e’lon qilingan indeks bankning moliyaviy holatini baholamaydi va uning ishonchliligi ko‘rsatkichi sifatida qaralmasligi kerak.
Shuningdek o‘qing:
- O‘zbekistonda bank o‘tkazmalari va karta operatsiyalari ustidan nazorat kuchaytiriladi
- O‘zbekiston Markaziy banki valyuta operatsiyalari hisobini kuchaytiradi va ularni amalga oshirish qoidalarini yangilaydi
- Anorbank egasi Kaxramonjon Olimov Parijda o‘g‘irlab ketilib, to‘lov evaziga ozod qilingan — Le Monde