O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi, deyiladi O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabarida.
Muzokaralar boshida Rossiya tomoni davlat rahbariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomlarini yetkazdi.
Tomonlar hamkorlikning joriy dinamikasini muhokama qildi. O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, “barcha yoʻnalishlarda faol muloqotlar”, tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, shuningdek madaniy-gumanitar almashinuvning kengayishi qayd etildi.
Alohida e’tibor O‘zbekistonda birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasi hamda tinch atom sohasidagi hamkorlikka qaratildi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasidagi qo‘shma tashabbuslar ham muhokama qilindi.
“Raqamli texnologiyalar, yoshlar va axborot siyosati, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolarning tashabbuslarini rivojlantirish borasidagi oʻzaro hamkorlikni faollashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi”, — deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.