2026-yil 28-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 83-sonli qarorni qabul qildi: «Toshkent shahrida kompleks qurilish tamoyili asosida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda yashil hududlarni barpo etish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida». Qaror bilan avval tasdiqlangan Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritildi, renovatsiya doirasiga qo‘shimcha maydonlar, jumladan poytaxt markazi ham kiritildi.
Hujjat (ilova qilingan) umumiy qiymati 16,2 mlrd AQSh dollaridan ortiq investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadi. 2 311,4 gektar hududni qurish hisobiga har yili qo‘shimcha 1,5 mlrd dollargacha YAIM yaratilishi, 3,5 trln so‘m sof soliq tushumlari ta’minlanishi va 260 ming ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Aniq manzillar yo‘q
Qarorga ilovalarda mahallalar nomlari va umumiy maydonlari ko‘rsatilgan. Ammo aniq chegaralar, buziladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan binolar ro‘yxati, shuningdek manzillar hujjatda mavjud emas. Gap rejalashtirish jarayonlarini boshlash haqida ketmoqda, darhol buzilish haqida emas.
Qarorlar master-rejalar bosqichida qabul qilinadi
Qarorning 3-bandiga ko‘ra, ikki oy muddatda loyihalar tashabbuskorlari bilan birgalikda har bir hudud uchun master-rejalar ishlab chiqilishi kerak. Ularda arxitektura va shaharsozlik yechimlari, muhandislik infratuzilmasi, qurilish zichligi va yashil hududlar ulushi belgilanadi.
Master-rejalar Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi Hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashida ko‘rib chiqiladi va hokimiyat tomonidan tasdiqlanadi. Aynan shu bosqichda rekonstruksiya va ehtimoliy buzilish bo‘yicha aniq uchastkalar belgilanadi.
Kamida 30% — yashil hududlar uchun
Hujjatda loyihalarni amalga oshirishda hududning kamida 30 foizi yashil zonalarga ajratilishi belgilangan. Bundan tashqari, infratuzilma to‘lovlari hisobidan to‘qqizta joyda umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan yangi jamoat bog‘lari barpo etilishi rejalashtirilgan.
O‘zgarishlar 2045-yilgacha mo‘ljallangan Toshkent bosh rejasiga ham kiritiladi (2024-yil 24-dekabrda hukumatning 880-son qarori bilan tasdiqlangan).
Bu aholiga nimani anglatadi
Qarorda buziladigan uylarning aniq ro‘yxati yo‘q. Aniq obyektlar bo‘yicha qarorlar master-rejalar ishlab chiqilib, tasdiqlangandan keyin qabul qilinadi.
Master-rejalar tasdiqlanmaguncha renovatsiya ta’sir qiladigan binolar ro‘yxati haqida gapirish erta. Mahallalari ro‘yxatga kiritilgan aholiga master-rejalar yoki hokimiyatning rasmiy izohlarini kutishga to‘g‘ri keladi.
Amalda bu qanday ko‘rinadi: «Oybek» mahallasi
2026-yil 28-fevraldagi Vazirlar Mahkamasining 83-son qarorida Mirobod tumanidagi «Mingo‘rik» va «Oybek» mahallalari loyihalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ilovaga ko‘ra, bu hududlar bo‘yicha quyidagi parametrlar belgilangan:
- Lokatsiya: Mirobod tumani, «Mingo‘rik» va «Oybek» mahallalari
- Yer maydoni: 55,0 gektar
- Loyiha: zamonaviy turar-joy va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi
- Majburiyatlar: pastki qavatlarida savdo hamda xizmat ko‘rsatish majmualari bo‘lgan ko‘p qavatli turar joy qurish
- Qiymat: 1 000 mln AQSh dollari
«Oybek» mahallasining umumiy maydoni taxminan 55 gektar. Qarorda loyiha ikki mahallani qamrab olishi ko‘rsatilgan, ammo bu 55 gektar ichida qurilish qanday taqsimlanishi va qaysi uchastkalar ta’sir qilishi aniq emas.

Mahallada asosan 1980-yillarda qurilgan to‘qqiz qavatli uylar, keyingi yillarda qurilgan yangi turar-joylar («gabus»), shuningdek quyidagi obyektlar joylashgan:
- Toshkent farmatsevtika instituti
- Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
- 60- va 94-maktablar
- tuman hokimiyati
- vazirlik binolari
- bank bo‘limlari
- Shevchenko ko‘chasidagi gastronomik ko‘cha
E’lon qilingan qarorda qaysi obyektlar saqlab qolinishiga, rekonstruksiya qilinishiga yoki ehtimoliy buzilishiga oid aniqlik kiritilmagan. Shuningdek, belgilangan 55 gektar hudud ichidagi hududiy taqsimot sxemalari ham keltirilmagan.
Hujjatning o‘ziga ko‘ra, aniq qarorlar master-rejalar ishlab chiqish bosqichida qabul qilinishi kerak. Ular ikki oy muddatda loyihalar tashabbuskorlari bilan birgalikda tayyorlanadi, Hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashida ko‘rib chiqiladi va Toshkent shahar hokimiyati tomonidan tasdiqlanadi.
Master-rejalar tasdiqlanmaguncha buziladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan aniq obyektlar ro‘yxati bo‘yicha rasmiy ma’lumot e’lon qilinmagan.
Ushbu material muallifi «Oybek» mahallasida yashaydi. Uning uchun bu qarorga ilova qilingan mavhum hudud emas, balki aniq uy, qo‘shnilar va o‘n yilliklar davomida shakllangan muhitdir.
E’lon qilingan hujjatda rejalashtirilgan qurilish chegaralari va ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan obyektlar ro‘yxati mavjud emas. Aholi qaysi binolar, ijtimoiy muassasalar va turar-joylar saqlanib qolishi, rekonstruksiya qilinishi yoki buzilishi haqida ma’lumotga ega emas.
Ochiq qolayotgan savol: 55 gektar hududdagi qaysi aniq obyektlar qiymati 1 mlrd AQSh dollari bo‘lgan zamonaviy turar-joy kompleksi loyihasiga kiritiladi.
Shuningdek o‘qing: Qanday bilish mumkin: Toshkentda uyingiz buziladimi? Qaror №83 tahlili + rasmiy so‘rov namunasi