O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni Pokistonga rasmiy tashrifi doirasida Islomobod shahrida joylashgan Global Industrial & Defence Solutions (GIDS) kompaniyasi shtab-kvartirasiga tashrif buyurdi va Pokiston Qurolli kuchlari Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni, Mudofaa kuchlari bosh qo‘mondoni feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Xabarlarga ko‘ra, tomonlar o‘zbek–pokiston ko‘p qirrali hamkorligi va strategik sheriklikni yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, zamonaviy xavfsizlik tahdidlari va chaqiriqlariga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralarda ikki davlat mudofaa-sanoat majmuasining yetakchi korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Harbiy mutaxassislarni tayyorlash dasturlarini kengaytirish, tajriba almashish hamda qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Pokiston tomoni delegatsiyaga GIDS portfeli, jumladan, ilg‘or mudofaa yechimlari, sanoat imkoniyatlari va texnologik ishlanmalar haqida ma’lumot taqdim etdi. O‘zbekiston Prezidenti korxonada namoyish etilgan zamonaviy Pokiston harbiy texnikasi va qurol-yarog‘ namunalarini ko‘zdan kechirdi.
Mudofaa mavzularidan tashqari, uchrashuvda transport-logistika sohasidagi istiqbolli infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ham ko‘tarildi.
Muzokaralar yakunida harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shu kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirokida ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasida Yo‘l xaritasi imzolandi.