Toshkentda isitish narxlari 12 noyabrdan oshadi

By | 28/10/2025
Toshkentda isitish narxlari 12 noyabrdan oshadi

2025-yil 12-noyabrdan boshlab Toshkent shahrida Veolia Energy Tashkent kompaniyasi tomonidan ko‘rsatiladigan markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun yangi tariflar kuchga kiradi. Qaror Toshkent shahar hokimining 2025-yil 27-oktabrdagi № 767-14-0-Q/25-sonli qarori bilan tasdiqlangan.

Hujjatga ko‘ra, quyidagi tariflar (QQSsiz) belgilangan:

  • bazaviy — 711 641 so‘m/Gkal (7 % ga oshgan);
  • aholi uchun — 139 860 so‘m/Gkal (15 % ga oshgan);
  • byudjet tashkilotlari uchun — 952 797 so‘m/Gkal (19 % ga oshgan);
  • yuridik shaxslar uchun — 342 296 so‘m/Gkal (40 % ga oshgan).

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, issiqlik ta’minoti xarajatlarining qariyb 80 foizi mahalliy byudjetdan qoplanadi. Shu bois poytaxt aholisi issiqlik energiyasining faqat bir qismini to‘laydi.

Toshkentda isitish mavsumi boshlanmoqda: ijtimoiy obyektlarga 3-noyabrdan, turar joylarga esa 5-noyabrdan issiqlik beriladi

Yangi tariflar tizim operatori tomonidan taqdim etilgan iqtisodiy va texnik ma’lumotlar asosida hisoblab chiqilgan. To‘lovlardan tushgan mablag‘lar issiqlik va issiq suv ta’minotini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, shahar issiqlik tarmoqlarini ta’mirlash va yangilashga yo‘naltiriladi.

2025–2026-yillar uchun issiqlik tizimini modernizatsiya qilish dasturi doirasida Veolia Energy Tashkent quyidagi ishlarni amalga oshirmoqda:

  • 474 km eskirgan tarmoqlarni joriy ta’mirlash,
  • 73,5 km issiqlik tarmoqlarini yangilash,
  • 21 km issiqlik izolyatsiyasini tiklash,
  • 23 ta mahalliy qozonxona va 13 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish,
  • 669 ta klapan va 345 ta kompensatorni almashtirish.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, amalga oshirilgan ishlar natijasida issiqlik yo‘qotishlari 44 foizdan 33,4 foizgacha kamaygan, issiqlik ta’minoti esa barqarorroq bo‘lgan.

Veolia Energy Tashkent shuningdek, yopiq issiqlik ta’minoti tizimiga o‘tish loyihasini davom ettirmoqda. Bu energiya samaradorligini oshirish va issiq suv ta’minotining sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, 12-noyabrdan boshlab issiq suv narxlari ham oshadi.

Aholi uchun markazlashgan issiqlik ta’minoti va issiq suv ta’minoti xizmatlari bo‘yicha tarif hisoblash jadvali

Aholi uchun markazlashgan issiqlik ta’minoti va issiq suv ta’minoti xizmatlari bo‘yicha tarif hisoblash jadvali
Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan