Toshkentda isitish mavsumi boshlanmoqda: ijtimoiy obyektlarga 3-noyabrdan, turar joylarga esa 5-noyabrdan issiqlik beriladi

By | 01/11/2025
Toshkentda isitish mavsumi boshlanmoqda: issiqlik 3-noyabrdan ijtimoiy obyektlarga, 5-noyabrdan turar joylarga beriladi

Toshkentda markazlashtirilgan isitish tizimi noyabr oyi boshida yoqiladi. Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shahar hokimining qarori va ob-havo xizmati ma’lumotlariga asosan, ijtimoiy obyektlarga issiqlik 2025-yil 3-noyabrdan, turar joylarga esa 5-noyabrdan beriladi.

Bu qaror havo haroratining barqaror pasayishi va bolalar bog‘chalari, maktablar, shifoxonalar hamda boshqa ijtimoiy soha muassasalarida qulay sharoit yaratish zarurati hisobga olingan holda qabul qilingan.

Hokimlik aholiga issiqlik tarmog‘iga ulanish davrida ichki isitish tizimlarining soz holatda ekanligiga e’tibor berishni hamda har qanday nosozlik yoki muammolarni o‘z vaqtida xabar qilishni tavsiya qildi.

«Sizning turar-joyingizda yoki rahbarlik qilayotgan muassasangizda issiqlik ta’minoti yoqilishi jarayonida biror-bir muammo va nosozliklarni aniqlasangiz yoki issiqlik yetkazib beruvchi tashkilot, XUJMSh va BSK rahbarlari yoki mutasaddilari tomonidan belgilangan ishlarni to‘laqonli amalga oshirilmayotganligining guvohi bo‘lsangiz 1055 yoki 71 210-01-87 raqamlariga yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga murojaat qilishingizni so‘raymiz», — deyiladi bayonotda.

Matbuot xizmatining qayd etishicha, fuqarolarning murojaatlari shahar xizmatlariga issiqlik ta’minoti tizimidagi nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishga yordam beradi hamda sovuq davrda tizimning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 12-noyabrdan boshlab Toshkentda isitish va issiq suv tariflari oshiriladi.

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan