Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) 2,5 yilga qamaldi

By | 08/10/2025
Mubashshir Ahmad sud majlisida

Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi bloger Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayonini yakunladi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining

  • 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi,
  • 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va
  • 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash) qo‘llanib, 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘taladi.

Shuningdek, internet tarmog‘idagi Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri hamda YouTube videoxostingidagi Mubashshir Ahmad va Azon Global – Muqobil axborot-tahliliy kanali nomli sahifalar (kanallar) faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli.

18-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida davlat ayblovchisi — Uchtepa tumani prokurorining o‘rinbosari Erkin Narzullayev Tursunovga 7 yil ozodlikdan mahrum etish va 150 baravar bazaviy hisoblash miqdorida (taxminan 61,8 million so‘m) jarima tayinlashni so‘radi.

Alisher Tursunov 1974 yilda Namanganda tug‘ilgan, Al-Azhar universitetida tahsil olgan. U 2017 yilda Azon New Media’ni tashkil etgan va 2023 yilda uning barcha loyihalarini yopganini e’lon qilgan. Shu yil noyabr oyida u to‘rt tilda faoliyat yurituvchi Azon Global portalini ishga tushirgan.

2023 yil dekabrda Turkiyada qo‘lga olinib, 2024 yil fevralda ozod qilingan. 2025 yilda esa O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

Mubashshir Ahmad haqida yana materiallar:

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan