Uchtepa tuman sudida Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad) ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi

By | 19/08/2025
Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad)

Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida 1974 yilda Namanganda tug‘ilgan, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov ishi yuzasidan ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Ish Uchtepa tuman sudi hakami B. Rahimov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Tursunov quyidagi moddalar bo‘yicha ayblanmoqda:

  • Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish),
  • 244-1-modda 3-qismi “g” bandi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish),
  • 244-3-modda (diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish).

244-1-modda 3-qism bo‘yicha eng ko‘p jazosi — 8 yil ozodlikdan mahrum etish.

Sud Tursunovga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llagan.

Ma’lumot uchun:
Alisher Tursunov 1974 yil 1-yanvarda Namanganda tug‘ilgan. 1991–1996 yillarda Toshkent islom instituti va Qohiradagi Al-Azhar universitetida tahsil olgan. 2002–2015 yillarda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qo‘lida ilm olgan.

2023 yilda Tursunov 2017 yilda asos solgan Azon New Media guruhining barcha loyihalarini (Azon.uz sayti, Azon FM onlayn radiostansiyasi, Azon TV onlayn telekanali) yopganini e’lon qildi. Shu yil noyabr oyida u to‘rt tilda — o‘zbek, rus, ingliz va turk tillarida faoliyat yuritadigan Azon Global portalini ishga tushirdi.

2023 yil 28 dekabr kuni u Turkiyada qo‘lga olinib, deportatsiya markaziga joylashtirilgan. 2024 yil 21 fevral kuni ozod qilingan.

2025 yil fevral oyida unga nisbatan JKning 244-2-moddasi 1-qismi (taqiqlangan diniy tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish yoki ularda ishtirok etish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingan.

2025 yil may oyida Tursunov yana Turkiyada qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

Sud jarayoni yakunlariga ko‘ra qo‘shimcha tafsilotlar e’lon qilinadi.

Mubashshir Ahmad haqida yana materiallar:

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan