AOKA bekor qilindi, vazifalari “O’zkomnazorat”ga o‘tkazildi

By | 16/07/2025
Toshkentdagi AIKM binosi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) bekor qilindi. Uning axborot sohasidagi monitoring va nazorat bo‘yicha vakolatlari Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “O’zkomnazorat” inspeksiyasiga o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Agentlikning tugatilgani haqida 14-iyul kuni Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AOKA negizida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markazi tashkil etilmoqda.

Adliya vazirligining aniqlik kiritishicha, AOKA O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2025-yil 14-iyulda imzolangan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-111-sonli farmonga muvofiq tugatildi.

Mazkur islohot doirasida ilgari AOKA tarkibida bo‘lgan Ommaviy kommunikatsiyalar markazi Prezident Administratsiyasi tizimiga o‘tkazildi. Shuningdek, Administratsiya Matbuot xizmati media-markazi negizida OAV uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari, ma’muriy islohotlar doirasida:

  • Davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish agentligi o‘rnida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi,
  • Giyohvandlik vositalari bo‘yicha Milliy nazorat markazi negizida Giyohvandlik vositalari va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tuzildi,
  • Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Prezident Administratsiyasi tasarrufiga o‘tkazildi.
Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan