O‘zbekiston Mudofaa vazirligi so‘nggi kunlarda Shimoli-g‘arbiy va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okruglarda o‘tkazilgan bir qator o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar, dala o‘quv yig‘inlari va jangovar shaylik sinovlari haqida ma’lum qildi.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tasarrufidagi Nukus va Yangiariq dala o‘quv maydonlarida harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi sinovdan o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar davomida harbiylar guruh qurollari, tanklar hamda boshqa zamonaviy jangovar texnika va qurol-aslahalardan foydalanib, nishonlarni yuqori aniqlik bilan yakson etish, o‘t ochishni boshqarish va vaziyatga mos qaror qabul qilish bo‘yicha amaliy vazifalarni bajardi.
Shuningdek, taktik uchlik va to‘rtlik tarkibida harakat qilish, bo‘linmalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, murakkab vaziyatlarda tashabbuskorlik ko‘rsatish hamda xavfsizlik talablariga rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
«Termiz» umumqo‘shin dala poligonida esa radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza hamda o‘t ochar bo‘linmalari mutaxassislari ishtirokida navbatdagi dala o‘quv yig‘ini bo‘lib o‘tdi. Harbiy xizmatchilar radiatsion-kimyoviy razvedka, zararlangan hudud va texnikalarga maxsus ishlov berish hamda murakkab taktik sharoitlarda jangovar otish vazifalarini amalda bajardi.
O‘quv yig‘ini doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, DXX Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati mutaxassislari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar ham tashkil etildi.
Bundan tashqari, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismlarning jangovar shaylik darajasini baholash maqsadida keng ko‘lamli amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Jangovar signal berilgach, bo‘linmalar qisqa vaqt ichida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni jangovar holatga keltirib, belgilangan hududlarda o‘quv-jangovar vazifalarni bajardi. Suratda mashg‘ulotlarning bir lavhasi aks etgan. Manba: O‘zbekiston Mudofaa vazirligi.
Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotlar davomida bo‘linmalarning jangovar shayligi, shaxsiy tarkibning tezkor qaror qabul qilish qobiliyati, qurol-aslaha va texnikadan samarali foydalanish ko‘nikmalari hamda idoralararo hamkorlik darajasi sinovdan o‘tkazildi.
Shuningdek o‘qing:
- «Birlik – 2025»: O‘zbekistonda besh davlat ishtirokidagi keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar boshlandi
- O‘zbekistonda “Hamkorlik-2025” Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi: ikki mamlakat Mudofaa vazirliklari xabarlarida turli urg‘ular
- Oʻzbekiston va Qozogʻiston strategik hamkorlikni mustahkamlashmoqda: harbiy mashgʻulotlar, suv va geologiya