“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov tashkilot faoli Javohir Mo‘minovga nisbatan ta’qib olib borilayotganini ma’lum qildi. Mo‘minov Qashqadaryo viloyatida tovlamachilik ayblovi bilan hibsga olingan.
Bu haqda Tashanov 8-iyun kuni o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Tashanovning ta’kidlashicha, jinoyat ishi Mo‘minovning Qarshi shahrida yashovchi Jo‘ra Akbarovni himoya qilishi bilan bog‘liq. Uning aytishicha, avvalroq prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari Akbarovni aliment to‘lamagani uchun kaltaklagan, natijada uning qo‘li singan va paylari shikastlangan.
Tashanovning so‘zlariga ko‘ra, Mo‘minov bir kun avval avtomobil ustaxonasida ushlangan. Huquq faoli O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi (tovlamachilik) bo‘yicha ayblanmoqda.
“Ezgulik” rahbarining bildirishicha, Qarshi shahar prokuraturasi MIB xodimiga nisbatan badanga o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Tashanovga ko‘ra, Mo‘minov ushbu ishda Akbarov manfaatlarini himoya qilgan.
Huquq himoyachisi tashkiloti rahbari ta’kidlashicha, Akbarov MIB xodimidan jarohatlangan qo‘lini operatsiya qildirish uchun 50 million so‘m talab qilgan. Uning aytishicha, mablag‘ Akbarovning turmush o‘rtog‘i nomidagi bank kartasiga o‘tkazilgan, shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza berilgan. Natijada Akbarov, uning turmush o‘rtog‘i va Mo‘minov tovlamachilikda ayblanib, qamoqqa olingan.
Tashanov huquq faoli haqidagi ayblovlarni soxta deb atadi va Mo‘minov kasbiy faoliyati sabab ta’qib qilinayotganini bildirdi.
“Ezgulik” raisining so‘zlariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari avval ham Mo‘minovni ushlashga uringan. Shuningdek, u huquq faoli Bosh prokuratura va Prezident Administratsiyasiga shikoyatlar yuborganini ham da’vo qildi.
“Javohir Mo‘minov kasbiy professional faoliyati uchun ta’qibga olindi. Unga qo‘yilgan ayblov soxta, huquqiy jihatdan absurddir”, — deb yozdi Tashanov.
Tashanov Mo‘minovning hibsga olinishini jinoyat ishlarini soxtalashtirish va “soxta jabrlanuvchilar”dan foydalanish holatlari bo‘yicha materiallar to‘plashi bilan bog‘ladi. U o‘z bayonotida mintaqa huquqni muhofaza qilish tizimidagi korrupsiya va suiiste’mollar haqida materiallarga ega ekanini, biroq tergov siri sabab ularni oshkor qila olmasligini ma’lum qildi.

Maqola chop etilgan paytda Qashqadaryo viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari va boshqa davlat idoralari Tashanovning bayonotlariga munosabat bildirmagan.
Biz ham maqolada keltirilgan holatlarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmadik. Jinoyat ishining ehtimoliy soxtalashtirilgani, huquq faoli ta’qib qilingani va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani haqidagi barcha da’volar Abdurahmon Tashanovga tegishli bo‘lib, ular tergov va sud tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Shuningdek o‘qing: