O‘zbekistonda terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq bir guruh shaxslarning faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbir DXX organlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan. Natijada Toshkent shahri, shuningdek Samarqand, Buxoro, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi sakkiz nafar fuqaro aniqlangan.
DXXning ta’kidlashicha, 1987–1998-yillarda tug‘ilgan ushbu fuqarolar Suriyada faoliyat yurituvchi “G‘uroba katibasi” terroristik tashkiloti media-blogeri ta’siriga tushib, unga tegishli hisob-raqamlarga pul mablag‘larini o‘tkazib kelgan. Gap 1996-yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosi Abdulmuhsin Usmonov haqida bormoqda.
Maxsus xizmat ma’lumotiga ko‘ra, Usmonov “Saad Muxtor” taxallusi ostida Telegram messenjeri orqali Falastinda jabrlangan musulmonlarga yordam ko‘rsatish bahonasida mablag‘ yig‘gan. DXXda bildirilishicha, keyinchalik ushbu mablag‘lar Suriyadagi terrorchilar ehtiyojlari uchun yo‘naltirilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, ish bo‘yicha yetti nafar shaxs 3 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Yana bir mahkumga 4 yil 4 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
DXX eslatishicha, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 155-3-moddasiga muvofiq terrorizmni moliyalashtirish uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Shuningdek, idora fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali xayriya chaqiriqlariga ishonmaslikka va bunday mablag‘ yig‘imlarini sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirdi.