O‘zbekiston hukumati Toshkent metropolitenini keng ko‘lamda kengaytirishni rejalashtirmoqda. Rejalar yangi yo‘nalishlar qurilishi, poyezdlar qatnov oralig‘ini qisqartirish va metro faoliyati modelini o‘zgartirishni o‘z ichiga oladi. Tegishli takliflar 13-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi, deb хабар қилди prezident matbuot xizmati.
Muhokamaning asosiy mavzusi Toshkent аҳолиси sonining o‘sishi, shahar hududining kengayishi va jamoat transportiga tushayotgan yuklama ortib borayotgani fonida metro tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘ldi. Taqdim etilgan rejalarga ko‘ra, 2030-yilgacha metroda kunlik yo‘lovchilar oqimini 1,8 million kishiga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, metro tarmog‘ini 79 ta bekat va 103 kilometr yo‘nalishgacha kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Yep.uz’dan: 2023-yilda Toshkent metropoliteni undan kuniga 690–700 ming yo‘lovchi foydalanayotganini ma’lum qilgan edi. Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra esa, 2025-yilda metro jami 286,8 million yo‘lovchini tashigan, ya’ni kuniga taxminan 785 ming kishi. Hozirda metroning to‘rtta yo‘nalishi uzunligi qariyb 70 kilometrni tashkil etadi va ular 50 ta bekatni o‘z ichiga oladi.
Taqdimotda yangi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Hokimiyat “Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori” metro yo‘nalishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashni rejalashtirmoqda. Loyihani ikki bosqichda amalga oshirish taklif qilinmoqda: avval “Mingo‘rik – Janubiy vokzal” uchastkasi qurilishi o‘rganiladi, keyin esa yo‘nalish Chilonzor buyum bozoriga qadar davom ettiriladi.
Taqdimot davomida poyezdlar qatnov oralig‘ini bosqichma-bosqich 1,5–3 daqiqagacha qisqartirish masalasi ham muhokama qilindi. Buning uchun harakat tarkibini yangilash va texnik infratuzilmani kengaytirish talab etiladi. 2027–2030-yillarda yangi poyezdlarni xarid qilish va qo‘shimcha elektrodepо qurish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Takliflarning alohida qismi metro infratuzilmasini tijoratlashtirish va qo‘shimcha daromad manbalarini topishga bag‘ishlangan. Hokimiyat vagonlar va bekatlardagi raqamli reklama maydonlarini auksion orqali ijaraga berish, vending apparatlari va kichik savdo nuqtalarini joylashtirish, shuningdek, bekatlar yaqinida avtoturargohlar tashkil etishni taklif qilmoqda. Bo‘sh turgan bino va xonalarni esa tadbirkorlarga koverking zonalari va kichik ofislar sifatida ijaraga berish rejalashtirilgan.
Yana bir yo‘nalish sifatida Park&Ride tizimini joriy etish ko‘rib chiqilmoqda — bu shaxsiy avtomobildan metroga tutash avtoturargohlar orqali o‘tish tizimidir. Bunday model yirik shaharlarda markazdagi avtomobil yuklamasini kamaytirish uchun keng qo‘llaniladi.
Xavfsizlik masalasi ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Pilot loyiha sifatida “Shahriston” bekati platformalariga shisha himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif qilinmoqda. Taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro tajriba bunday to‘siqlar platformalardagi hodisalar sonini 80–90 foizga kamaytirishini ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, hokimiyat yo‘l haqini to‘lash tizimini o‘zgartirish imkoniyatlarini ham o‘rganmoqchi. Muhokama qilinayotgan variantlar orasida masofaga qarab tarif belgilash, kunlik, haftalik va oylik abonementlar, shuningdek, ayrim toifadagi yo‘lovchilar uchun imtiyozlar mavjud.
Taqdimot yakunlariga ko‘ra, Mirziyoyev taqdim etilgan takliflarni ma’qulladi va mas’ul idoralarga ularni amalga oshirishni boshlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shu bilan birga, 2027–2035-yillarga mo‘ljallangan alohida metro rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Hujjatda metro tarmog‘ini ikki baravar kengaytirish, yo‘lovchilar oqimini 2,5 baravar oshirish va yanada energiya tejamkor transport tizimini yaratish vazifalari belgilanishi kutilmoqda.
Tegishli maqola: