O‘zbekistonda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar reklamasini cheklash bo‘yicha nazorat kuchaytirildi. Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, qimor o‘yinlari va bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi veb-resurslar yuzasidan doimiy monitoring olib borilmoqda.
Qo‘mita reklama sohasidagi qonunbuzarliklarga tezkor choralar ko‘rish maqsadida tegishli idoralar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ushbu hamkorlik doirasida bukmekerlik xizmatlariga oid reklamani joylashtiruvchi saytlar bo‘yicha kirishni cheklash mexanizmi qo‘llanmoqda.
«Bunda, bukmekerlik xizmatlariga oid reklamani targ‘ib qiluvchi veb-saytlarga kirishni cheklash (bloklash) choralari ko‘rilmoqda», – xabar berdi qo‘mita.
Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil davomida bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 86 ta veb-sayt yuzasidan tegishli nazorat organiga ma’lumot yuborilgan. Ulardan 70 ga yaqini belgilangan tartibda bloklangan.
O‘zbekistonning “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 46-moddasida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasi taqiqlanishi belgilangan. Qo‘mita monitoring ishlari tizimli davom ettirilishini bildirgan.