Ukraina loyihasi “Xochu jit” chorshanba kuni Rossiya armiyasi safida jang qilgan O‘zbekiston fuqarolari — halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan yollanma askarlar ro‘yxatini e’lon qildi. Loyiha mualliflariga ko‘ra, ro‘yxatga faqat ishonchli ma’lumotlar asosida tasdiqlangan shaxslar kiritilgan.
«Bu ro‘yxat to‘liq emas — halok bo‘lganlar va yo‘qolganlar soni, ehtimol, bir necha baravar ko‘p. Biz Rossiya armiyasida yollanma askar sifatida halok bo‘lgan 481 nafar O‘zbekiston fuqarosining shaxsini aniqladik», — deyiladi loyiha xabarida.
Loyihaga ko‘ra, bugun Rossiya armiyasi tarkibidagi xorijiy yollanma askarlar orasida O‘zbekiston birinchi o‘rinda turadi. Mualliflarning aytishicha, ular jami kamida 2 715 nafar o‘zbekistonlikning shaxsini aniqlashgan — ular Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan yoki hozir ham jang qilmoqda.
Hisoblarga ko‘ra, 2023 yilda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan 498 o‘zbekistonlik, 2024 yilda yana 941, 2025 yilning dastlabki olti oyida esa qariyb 1 300 kishi shartnoma imzolagan. Loyihada ta’kidlanishicha, bu faqat tasdiqlangan holatlar, haqiqiy raqam bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
“Xochu jit” ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy harbiy asirlar orasida ham O‘zbekiston fuqarolari muntazam ravishda birinchi o‘rinni egallaydi.
Loyihada bu holat keng ko‘lamli mehnat migratsiyasi bilan izohlanadi: faqat 2025 yilda Rossiyaga 1,8 million o‘zbekistonlik kirib kelgan. Ularning aksariyati mehnat muhojirlari, biroq hammasi ham qonuniy ish topa olmaydi. Mualliflarning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi “shturmovoe myaso” — tayyorgarliksiz jangga yuboriladigan kishilar yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda.
Loyiha bahosiga ko‘ra, mehnat muhojirlari Rossiyadagi yollovchilar uchun asosiy manbaga aylangan. Rossiyada aslida odam savdosiga o‘xshash tizim ishlamoqda: har bir yollangan shartnoma askari uchun vositachilarga — harbiylardan tortib politsiyachilargacha — to‘lovlar beriladi. Nomzodlar tekshirilmaydi, asosiy talab — jismoniy jihatdan urushishga yaroqli bo‘lish.
O‘zbekiston fuqarolari, xususan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelganlar, bu sxemalarga eng zaif qatlam hisoblanadi. Loyiha ma’lumotiga ko‘ra, ularni ko‘pincha aldashadi — fuqarolik ishini va’da qilishadi, deportatsiya yoki jinoyat ishi bilan qo‘rqitib, shartnoma imzolashga majbur qilishadi.
Mualliflar ta’kidlaydilarki, agar O‘zbekiston hukumati Rossiyaga ketayotgan fuqarolar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borayotgan bo‘lsa ham, bu choralar yetarli emas — o‘zbekistonliklar Rossiya armiyasi uchun “shturmovoe myaso” bo‘lishda davom etmoqda.
Men ro‘yxatni tahlil qildim — halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolganlarning aksariyati oddiy askarlar, biroz yefreytor va serjantlar, ayrimlari praporshik yoki matros bo‘lgan. Tug‘ilgan yillar 1962 dan 2004 gacha.
Menda yana o‘qing: