Ukrainadagi “Yashashni istayman” loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada asirlikda bo‘lgan xorijiy harbiylar orasida O‘zbekiston fuqarolari soni eng ko‘p. Bu haqda loyiha 2025-yil 30-iyul kuni e’lon qilgan xabarda aytilgan.
Loyihaga ko‘ra, Rossiya Qurolli Kuchlari tarkibidagi manbalarga asoslanib, 2025-yilning o‘zida Rossiya armiyasi tomonidan 902 nafar O‘zbekiston fuqarosi yollangan. Avval e’lon qilingan O‘zbekistonlik yollanma askarlar ro‘yxatidan so‘ng mamlakatda tekshiruvlar boshlangan va Rossiya tomonida jangovar harakatlarda qatnashgan fuqarolarga qarshi jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan bo‘lsa-da, Rossiya ularni yollash bo‘yicha harakatlarini kuchaytirishda davom etmoqda.
Loyihada aytilishicha, Rossiya ilgari qo‘llagan usullardan foydalanishda davom etmoqda. Rossiyaga mehnat migranti sifatida kelgan o‘zbekistonliklar qurilish sohasi yoki armiyaning orqa xizmat qismlarida ishlash taklifi bilan yollanmoqda. Shuningdek, ularga Rossiya fuqaroligini olish imkoniyati ham taklif qilinmoqda.
Nashrga ko‘ra, Rossiyadagi qamoqxonalarda saqlanayotgan o‘zbekistonliklarga bosim o‘tkazilmoqda va ular ruhiy tazyiqqa duchor qilinib, armiyaga shartnoma asosida qo‘shilishga majburlanmoqda.
Loyiha Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikinning bayonotiga alohida e’tibor qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “5 mingdan ortiq reydlar o‘tkazilgan va ularning davomida 90 ming kishi ushlangan.” Shundan 30 ming kishi armiyaga shartnoma asosida yollanib, jangovar hududga yuborilgan. Loyiha Bastrikinning “ushlangan” (otlovili) so‘zini aynan iqtibos sifatida keltirib, bu ifoda Markaziy Osiyolik migrantlarga nisbatan munosabatni ko‘rsatishini ta’kidlagan.
“Natijada bugungi kunda Ukrainada 33 davlat fuqarolari asirlikda. Xorijiy harbiy asirlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda O‘zbekiston turibdi”, — deyiladi loyiha xabarida.
Bundan tashqari, nashrda 2025-yil 5-iyun kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Kursk viloyatidagi “Postoyalye Dvory” poligoniga yopiq tashrif buyurgani haqida ham ma’lumot berilgan. Loyihaga ko‘ra, delegatsiyaga mudofaa vaziri o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev rahbarlik qilgan. Ular uchun Leningrad harbiy okrugi harbiy xizmatchilarining jangovar tayyorgarlik elementlari bo‘yicha hisobot taqdim etilgan. Loyiha bu tashrif rasmiy tusda bo‘lganiga va xorijiy yollanma askarlarni tayyorlash bilan bog‘liq emasligiga umid bildirgan.
Loyiha 2025-yilda Rossiya Qurolli Kuchlari bilan shartnoma imzolagan 902 nafar O‘zbekiston fuqarosining ro‘yxatini e’lon qildi. Unda fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, harbiy unvoni, identifikatsion raqami va shartnoma imzolangan sana ko‘rsatilgan.
Men avval ham o‘zbekistonliklarning Rossiya armiyasiga yollanishi haqida bir nechta maqola chop etganman va ulardan biri chiqqandan so‘ng bosimga uchraganman. Shunga qaramay, o‘zbekiston fuqarolarining hayotiga tahdid solayotgan holatlarni yoritishni zarur deb hisoblayman.