Kuz kelishi bilan havo asta-sekin soviydi, shamollash va mavsumiy kasalliklar esa tezroq tarqaladi. Bolalar bu davrda ayniqsa himoyasiz bo‘ladi, deydi Toshkent shahar bosh pediatri Dilobar Hidoyatova.
U ota-onalarga farzandlari sog‘lig‘ini asrash uchun quyidagi olti tavsiyani berdi:
1. Qo‘l gigiyenasi – birinchi qadam
Bolalar maktab va bog‘cha hamda jamoat transportida odamlar bilan doimiy aloqada bo‘ladi. Bu esa viruslarning oson tarqalishi uchun qulay sharoit yaratadi. Shu sababli:
- qo‘llarni ovqatdan oldin va keyin hamda hojatxonadan chiqqach, doimo sovunlab yuvish;
- o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga (O‘RVI) chalingan bemorlar bilan yaqin muloqotni cheklash lozim.
2. Shamollaganda uyda qolish
Kuzda gripp va O‘RVI kasalliklari havo-tomchi yo‘li orqali tez tarqaladi. Shu bois:
- bolada shamollash belgilari kuzatilsa, uyda qolishi zarur. Chunki bunday holatda maktabga borish, kasallikning boshqalarga ham yuqishiga sabab bo‘ladi.
3. Kiyim-kechak havoga mos bo‘lishi kerak
Kuz havosi o‘zgaruvchan. Bir kun issiq, bir kun esa salqin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun:
- mavsumga mos, ya’ni juda engil ham, juda qalin ham kiyinmaslik;
- nam ust-boshda yurmaslik va ularni tezda almashtirish lozim.
4. To‘g‘ri ovqatlanish va kuchli immunitet
Har bir bola mustahkam immunitetga ega bo‘lishi uchun uning taomlanishiga alohida e’tibor qaratish kerak. Jumladan:
- ratsionda ko‘proq mevalar (olma, xurmo, anor), sabzavotlar (karam, lavlagi, brokkoli, baqlajon, sarimsoqpiyoz), ko‘katlar, sut va baliq mahsulotlari, tovuq go‘shti, tuxum, loviya, no‘xot kabi eguliklar bo‘lishi;
- sovuqqa qarshi damlama (zanjabil, limon, asal bilan) ichish;
- turli shirinliklar, gazli va energetik ichimliklar, “chips” hamda “suharik”larni iste’mol qilmaslik zarur.
5. Uyqu va dam olish tartibiga rioya qilish
Maktab yoshidagi bolalar har kuni 8–10 soat tiniqib uxlashi tavsiya etiladi. Chunki bunday hordiq immunitetni mustahkamlab, o‘qishda faol bo‘lishga yordam beradi. Shu bois:
- bolalarning erta uyquga yotishi va uxlashdan avval telefon yoki planshet o‘ynamasligini nazorat qilish;
- ularni har kuni bir vaqtda uxlab, bir paytda turishga odatlantirish lozim.
6. Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish
Bolalar har kuni:
- yuz-qo‘llarini yuvishga odatlanishi;
- tishlarni kunda 2 mahal (ertalab va kechqurun) tozalashi;
- kiyimlarini tez-tez almashtirishi kerak.
Mutaxassis ta’kidlashicha, bolalar gigiyena va sog‘lom turmush qoidalariga qanchalik erta o‘rgansa, ular kelajakda shunchalik sog‘lom bo‘lib ulg‘ayadi.