Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga muzokara o‘tkazdi.
Saidovning ma’lum qilishicha, suhbat davomida savdo, investitsiya, ta’lim va madaniy almashinuv sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilingan.
Saidov uchrashuvning “O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi muloqotni yanada chuqurlashtirish, sheriklikni mustahkamlash hamda xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida yangi imkoniyatlarni ochish borasidagi qat’iy intilishimizni tasdiqlaganini” qayd etdi.
Sibiga esa uchrashuvdan keyin bergan bayonotida tomonlar siyosiy muloqotni qayta tiklash va ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga kelishib olganini bildirdi. “Ukraina O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish va Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlashga intiladi”, — dedi u.