O‘zbekistonda inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi

By | 22/09/2025
O‘zbekistonda organ savdosiga oid jinoyat ishida taqdim etilgan dalillar

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Ichki ishlar vazirligi (IIV) inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh tarkibiga Toshkent shahri hamda Toshkent, Farg‘ona, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi 12 nafar shaxs kirgan. Ular ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak va jigar kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarni topib, sog‘lom fuqarolarga katta pul evaziga organini sotishni taklif qilgan.

Chet eldagi tanishlari yordamida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar qalbakilashtirilgan va donorlar go‘yoki qarindosh sifatida ko‘rsatilgan. Shu yo‘l bilan qo‘shni davlatdagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.

2023–2025-yillar davomida guruh tomonidan jami 32 ta buyrak yoki jigar to‘qimalari transplantatsiyasi amalga oshirilgani aytilmoqda. Bemorlar to‘lagan katta miqdordagi pullarning bir qismi klinikaga va donorlarga berilgan, qolgan qismi esa o‘zaro taqsimlangan.

Bundan tashqari, sog‘ligida ijobiy o‘zgarish bo‘lmagan bemorlarga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari qimmat narxlarda sotilgan.

Jinoiy guruh a’zolariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda sud organlariga mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan