O‘zbekistonda “Toshkent-Sharqiy” aerodromi negizida biznes aviatsiyasi uchun yangi aeroport qurilishi yakunlandi.
Yangi aeroport qurilishi 2017-yilda boshlangan va 2025-yilda yakunlandi. Aeroportning umumiy maydoni 561 gektar. 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi va 3 ta harakatlanish yo‘li yangilanib, eng og‘ir havo kemalarini ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. 20 ta havo kemasiga mo‘ljallangan perron barpo etildi. “Boeing 787”, “A 320” kabi samolyotlar, biznes-jetlar hamda vertolyotlar uchun angarlar qurildi.
Aeroportda VIP va CIP terminallar bunyod etildi. CIP terminali soatiga 100 nafar yo‘lovchini qabul qilish quvvatiga ega. Unda do‘konlar va ovqatlanish joylari bo‘ladi.
Muhimi, aeroport ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Bu noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish va qo‘nish imkonini beradi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yangi inshoot poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi, xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarida foydalaniladi hamda investorlar uchun imkoniyatlarni kengaytiradi.
27-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yangi aeroportni borib ko‘rdi.
“Ko‘p yil tayyorgarlik qilib, mana shunday aeroport qurdik. Bu ham davlatchilikning yana bir zamini. Bu yerda yurtimizga keladigan mehmonlar va samolyotlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatiladi. Natijada Toshkent xalqaro aeroportiga yuklama yengillashadi. Xudo xohlasa, u aeroport uchun ham boshqa joyda ulkan majmua qurishni rejalashtirganmiz. Umuman, hamma hududlarimizda katta-katta loyihalarni boshlaganmiz. Ilohim, tinchligimizga ko‘z tegmasin, yangi inshootlar, farovonlik xalqimizga buyursin”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
💬 Mavzu haqida fikringiz bormi? Quyida izoh qoldiring.
📤 Maqola yoqdimi? Ulashing — bu bizning rivojlanishimizga yordam beradi.