Samarqand viloyatida xonanda Zeboyi Jahon o‘ldirildi, erining jinoyatda gumon qilinayotgani aytilmoqda

By | 30/07/2025
Samarqand viloyatida o‘ldirilgan xonanda Zeboyi Jahon (Zebiniso Nosirova)

26-iyul kuni Samarqand viloyatining Tayloq tumanida Zeboyi Jahon taxallusi bilan tanilgan xonanda Zebiniso Nosirova o‘ldirildi. Bu haqda Milliy TV telekanalining Millar dasturida xabar berildi.

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, ayolning eri jinoyatda gumon qilinmoqda. U bolalarni ko‘rish uchun Nosirova yashaydigan uyga kelgan. Eru xotin o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan va u vaqtida erkak ayolni qo‘llari bilan bo‘g‘ib o‘ldirgani aytilmoqda. Ayol voqea joyida halok bo‘lgan.

“Singlim bunaqa o‘limga noloyiq edi. O‘sha kuni ishda edim, tez yordam xizmatida ishlayman. Soat to’rtlarda xotinim qo‘ng‘iroq qilibdi singlingizga nimadir bo‘libdi deb. Onamga qo‘ng‘iroq qilsam, „Tez kel, o‘g‘lim, uni o‘ldirib ketishibdi“, dedi. Bir yostiqqa bosh qo‘ygan, uch o‘g‘ilning onasi bo‘lgan turmush o‘rtog‘iga shunday qiladimi?” — dedi marhumaning akasi telekanalga bergan intervyusida va eng og‘ir jazo berilishini so‘radi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, 1992-yilda tug‘ilgan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U qo‘lga olingan.

Zebiniso Nosirova 1991-yilda tug‘ilgan. U uch nafar farzandning onasi edi.

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan