O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan Prezident Administratsiyasi rahbarining ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari tayinlandi. Tayinlovlar Prezident Administratsiyasining isloh qilingan tuzilmasi doirasida amalga oshirildi.
Rasmiy tayinlovlar:
- Xilola Uktamovna Umarova — O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri lavozimidan ozod etildi.
- Tamila Anvarovna Alieva — Prezident Administratsiyasi rahbarining tibbiyot sohasini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
- Timur Nuriyigitovich Butunbaev — Prezident Administratsiyasi rahbarining suv taʼminoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Shu munosabat bilan u Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
- Nodira Jalalovna Hakimova — Prezident Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
- Sherzod Farhod o‘g‘li Ozodzoda — Prezident Administratsiyasi rahbarining tadbirkorlik loyihalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u Prezident Administratsiyasi huzuridagi iqtisodiyot va tadbirkorlik sohasida muhim tashabbuslarni ishlab chiqish boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.
- Dilnoza Muradovna Ziyamuhamedova — Prezident Administratsiyasi rahbari kotibiyati mudiri lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u Prezident yordamchisi kotibiyati mudiri lavozimidan ozod etildi.
Ushbu tayinlovlar Prezident Administratsiyasining keng ko‘lamli qayta tuzilishi doirasida amalga oshirilmoqda. Islohotlar jarayonida kadrlar tuzilmalari optimallashtirildi, yangi departamentlar tashkil etildi va islohotlarni boshqarishda tizimli yondashuvlar joriy etilmoqda.
Batafsil:
🔗 Prezident Administratsiyasi isloh qilindi: AOKA tugatildi, yangi bo‘limlar tashkil etildi
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil iyun oyida Prezident farmoni bilan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi qayta joriy etilgan edi. Ushbu lavozimga ilgari Prezidentning yordamchisi bo‘lib ishlagan Saida Mirziyoyeva tayinlandi. Hozirda u davlat boshqaruvining eng muhim apparatini boshqarib bormoqda.