Markaziy bank Uzum Bank, Ipoteka-bank va qator boshqa moliyaviy tashkilotlarni jarimaga tortdi

By |
O‘zbekiston Markaziy banki

O‘zbekiston Markaziy banki moliyaviy xizmatlar iste’molchilari huquqlariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilganini ma’lum qildi. 2026 yilning birinchi choragida o‘tkazilgan tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra, regulyator Shaffof-moliya va Tezcoin mikromoliya tashkilotlari, Uzum Bank hamda Ipoteka-bank faoliyatida qonunbuzarliklarni aniqladi.

«Markaziy bank tomonidan moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda», deyiladi regulyator xabarida.

Shaffof-moliya va Tezcoin’da o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida qarz oluvchilarning qarz yuklamasi bo‘yicha talablarga rioya qilinmagani, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi buzilgani, mikroqarz shartnomalarida majburiy ma’lumotlar to‘liq aks ettirilmagani hamda mijozlarning kredit tarixiga oid ma’lumotlar kredit byurolariga kechiktirib yuborilgani aniqlandi.

Uzum Bankda esa regulyator rasmiy veb-saytda mijozlarni xabardor qilish talablari buzilganini, murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonunchilikka rioya etilmaganini, kredit tarixi haqidagi ma’lumotlar kechiktirib yuborilganini va iste’molchilar bilan tuzilgan shartnomalarda ayrim majburiy talablar mavjud emasligini qayd etdi.

Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra, Markaziy bank Shaffof-moliya’ga 201 mln so‘m, Tezcoin’ga 156 mln so‘m va Uzum Bankka 215,5 mln so‘m miqdorida jarima soldi.

Shuningdek, kredit munosabatlariga oid Ipoteka-bank mijozlarining murojaatlari alohida ko‘rib chiqildi. Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, bank kredit qarzdorligini undirish uchun qarz oluvchilarning bank kartalaridan mablag‘larni muddatidan oldin yechib olgan, shuningdek, kredit shartnomasida nazarda tutilmagan hollarda mijoz roziligisiz mablag‘larni hisobdan chiqargan. Bundan tashqari, garov reyestriga o‘zgartirishlar kiritish muddatlari buzilgani va shartnomalarni rasmiylashtirishda kamchiliklar aniqlangani qayd etildi.

Mazkur qoidabuzarliklar uchun Ipoteka-bankka 105 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Markaziy bank tijorat banklarining filiallari va bo‘linmalarida “sirli mijoz” usuli bo‘yicha ham tekshiruvlar o‘tkazdi. Nazorat tadbirlarida moliyaviy xizmatlar iste’molchilariga taqdim etiladigan ma’lumotlarning shaffofligi, to‘liqligi va ishonchliligiga oid talablar buzilgani aniqlandi.

Mazkur tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra, 14 ta bankka jami 681,5 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Markaziy bank Agrobankka 255 mln so‘m va O‘zsanoatqurilishbankka 119,5 mln so‘m miqdorida jarima solinganini ma’lum qildi. Qolgan banklar nomi ochiqlanmadi.

Shuningdek o‘qing:

Ulashish

Fikr bildirish