Uzbekistan Airways O‘zbekiston fuqarolari uchun Tailandga kirish qoidalari o‘zgarishi haqida ogohlantirdi (yangilandi)

By |
Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talabini joriy etmoqda. Travel Off Path

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 2026-yil 15-sentabrdan O‘zbekiston fuqarolari uchun Tailandga kirish qoidalari o‘zgarishi haqida yo‘lovchilarni ogohlantirdi. Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, shu sanadan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Tailandga sayyohlik maqsadida borish uchun vizani oldindan rasmiylashtirishlari kerak bo‘ladi.

2026-yil 14-sentabrgacha O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kungacha vizasiz rejim amal qilishda davom etadi. Biroq 15-sentabrdan Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz kirish imkoniyatini, shuningdek, kelganda viza olish (Visa on Arrival) imkoniyatini bekor qiladi.

Endilikda sayyohlik maqsadidagi safarlar uchun vizani avvaldan, parvozdan oldin olish talab etiladi.

Uzbekistan Airways Toshkent — Bangkok yo‘nalishidagi HY531 reysi yo‘lovchilariga alohida e’tibor qaratdi. Samolyot Toshkentdan 14-sentabr kuni uchadi, biroq Tailandga 15-sentabr kuni, yangi qoidalar kuchga kirganidan keyin yetib keladi. Shu sababli ushbu reys yo‘lovchilari vizani oldindan rasmiylashtirishlari kerak.

Arizani safardan oldin, jumladan, Tailandning vizalarni elektron rasmiylashtirish bo‘yicha rasmiy tizimi — thaievisa.go.th orqali topshirish mumkin. Bunda konsullik yig‘imini sayt orqali onlayn to‘lash imkoniyati mavjud emas. To‘lov AQSh dollarida Tailand Qirolligining eng yaqin konsulligida amalga oshiriladi.

Aviakompaniya safarni rejalashtirish va aviachiptalarni xarid qilishda yangi talablarni hisobga olishni tavsiya qilmoqda. Zarur viza bo‘lmasa, yo‘lovchiga reysga ro‘yxatdan o‘tish yoki Tailandga kirish rad etilishi mumkin.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–aprel oylarida 16 291 nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadda Tailandga tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Tailand o‘zbekistonliklar orasida eng ommabop o‘nta xorijiy yo‘nalish qatoridan joy oldi. Ulardan 15 189 nafari safar maqsadi sifatida sayohatni, 996 nafari qarindoshlarini ziyorat qilishni, 53 nafari davolanishni, 34 nafari xizmat safarini, 19 nafari esa ta’lim olishni ko‘rsatgan.

O‘zbekiston fuqarolari uchun konsullik yig‘imlarini qayerda to‘lash bo‘yicha aniqlik kiritildi.

«Elektron viza anketasini toʻldirgandan soʻng, fuqaro viza uchun toʻlovni Tailand Qirolligining Rossiya Federatsiyasidagi Moskva shahrida joylashgan Elchixonasiga tashrif buyurgan holda amalga oshirishi lozim», — deb ma’lum qildi O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi.

Shuningdek, o‘qing:

Ulashish

Fikr bildirish