“Uzbekistan Airports” AJ va tarkibiga “Sojitz Corporation” (Yaponiya) hamda “Incheon International Airport Corporation” (Koreya Respublikasi) kompaniyalari kiruvchi, “Vision Invest” (Saudiya Arabistoni) boshchiligidagi xalqaro konsorsium Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish va undan foydalanish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” 17-iyun kuni ma’lum qildi.
Bitim Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan.
“Bugun barchamiz uni [yangi aeroport loyihasi – Yep.uz] amalga oshirish yo‘lida muhim qadam qo‘ydik”, — dedi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev imzolashdan so‘ng. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi aeroport yo‘lovchi va yuk tashuvlarining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini o‘nlab yillar davomida ta’minlashi va mamlakatni “Markaziy Osiyodagi asosiy transport markazi” sifatidagi mavqeini mustahkamlashi kerak.
Bitimga ko‘ra, xususiy sheriklar yo‘lovchi terminali va vokzal atrofi hududini qurish va keyinchalik ekspluatatsiya qilish uchun javobgar bo‘ladi. Aerodrom majmuasini qurish va ekspluatatsiya qilish esa davlat sherigi zimmasida qoladi.
“Uzbekistan Airports” ma’lumotiga ko‘ra, bitimdan oldin ekologik va ijtimoiy baholash ishlari o‘tkazilgan, davlat-xususiy sheriklik hujjatlari tayyorlangan hamda bo‘lajak aeroport hududini tayyorlash ishlari boshlangan.
Yangi aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarida, 1310 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan. Loyihaning birinchi bosqichida uzunligi 4 km bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi, 208 ming kvadrat metr yo‘lovchi terminali, 98 ta havo kemasi to‘xtash joyi, yoqilg‘i quyish majmuasi va dispetcherlik minorasi qurilishi ko‘zda tutilgan.
Aeroport 2030-yil oxirida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. “Uzbekistan Airports” ma’lumotiga ko‘ra, u yiliga 20 million yo‘lovchi va 300 ming tonnagacha yukni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Toshkent yaqinida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalari haqida avvalroq O‘zbekiston hukumati ma’lum qilgan. 2025-yil oktabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev loyiha boshlanishi marosimida ishtirok etgan.
Shuningdek o‘qing: