Mirziyoev Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishini boshlab berdi

By | 15/10/2025
Shavkat Mirziyoev yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula joylashtirdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishini rasman boshlab berdi va poydevoriga kapsula qo‘ydi. Tadbir Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tdi. Shu yerda Markaziy Osiyodagi eng yirik transport majmualaridan biri barpo etiladi.

Loyiha O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi aviatsiya markaziga aylantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, transport infratuzilmasini rivojlantirish va havo aloqalarini modernizatsiya qilish ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lib qoladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijiy turistlar soni 3 milliondan 10 milliongacha oshdi. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 15 millionga yetishi kutilmoqda. Turizm va biznes faolligi ortib borar ekan, yiliga 11 million yo‘lovchiga mo‘ljallangan amaldagi Toshkent aeroporti talabni qondira olmayapti va shaharning ichki hududida joylashgani sabab kengaytirish imkoniyati yo‘q.

Shu sababli aeroportni Toshkent viloyatining O’rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarida qurish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Majmua umumiy maydoni 1300 gektarni tashkil etadi.

Loyiha xalqaro konsorsium ishtirokida amalga oshirilmoqda: Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) va Incheon International Airport Corporation (Janubiy Koreya). Dastlabki bosqichda, qiymati 2,5 milliard dollar bo‘lgan loyiha doirasida terminal majmuasi va aerodrom quriladi. Qurilish yakunlangach, aeroport yiliga 20 million yo‘lovchi va 129 ming tonna yukni qabul qila oladi, soatiga 30 ta parvozni amalga oshiradi, 14 ta teleskopik yo‘lak va 62 ta samolyot uchun joyga ega bo‘ladi.

Yangi aeroport Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) standartlariga to‘liq mos keladi. U zamonaviy aeronavigatsiya va meteorologik tizimlar bilan jihozlanadi, bu esa samolyotlarni har qanday ob-havo sharoitida qabul qilish imkonini beradi.

Yangi Toshkent xalqaro aeroporti maketi
Yangi Toshkent xalqaro aeroporti maketi

Atrof-muhit talablariga alohida e’tibor qaratilgan. Majmua mintaqada “yashil” qurilish tamoyillari asosida barpo etiladigan birinchi aeroport bo‘ladi. Terminalda 46 ming kvadrat metr maydonga ega duty free zonasi tashkil etiladi.

Yangi aeroport Toshkent–Samarqand, Toshkent–Andijon va Toshkent–Bo‘stonliq avtomagistrallari bilan bog‘lanadigan multimodal transport tugunining bir qismi bo‘ladi. Shu yerda zamonaviy tezkor poyezdlar uchun temir yo‘l stansiyasi va Toshkent markazi bilan Yangi Toshkent o‘rtasida shuttle transporti yo‘lga qo‘yiladi.

Aviatsiya sohasidagi rivojlanish mamlakat bo‘ylab infratuzilmani modernizatsiya qilish bilan birga olib borilmoqda. Hozirda yettita xalqaro aeroport rekonstruksiya qilinmoqda, Mo’ynoq, Qo‘qon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo va So’xda esa yangi aeroportlar allaqachon qurilgan. O‘zbekistondagi aeroportlar soni 18 taga yetadi.

So‘nggi yillarda tarmoqda raqobat muhiti yaratildi. Mamlakatda 15 ta yangi aviakompaniya tashkil etildi, havo kemalari parki 26 tadan 105 tagacha ko‘paydi. O‘zbekistonga 51 ta aviakompaniya — Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Polsha va boshqa davlatlardan muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.

Kelgusi besh yil ichida aviapark 180 ta samolyotga, yo‘nalishlar soni 230 taga, yiliga reyslar hajmi esa 200 mingtagacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

Yangi xalqaro aeroport nafaqat transport, balki iqtisodiy markazga ham aylanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, uning faoliyati mamlakatga 27 milliard dollardan ortiq daromad keltiradi, sanoat, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarining rivojlanishiga, shuningdek minglab yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga hissa qo‘shadi.

Tadbir yakunida Shavkat Mirziyoev xalqaro hamkorlar, moliya institutlari va loyiha ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi hamda yangi aeroport qurilishi O‘zbekistonni mintaqaning yirik aviatsiya markaziga aylantirish uchun asos bo‘lishini ta’kidladi.

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan