14-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon Seulda muzokaralar o‘tkazdi, ularning yakunida tomonlar 13 ta hukumatlararo bitim va anglashuv memorandumlari bilan almashdi. O‘zbekiston tomoni, shuningdek, qariyb 12 milliard dollarlik investitsiya portfeli tayyorlangani hamda Koreya Eksimbanki bilan strategik sheriklik bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.
Muzokaralar Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, yetakchilar savdo, investitsiyalar, muhim minerallar, transport va infratuzilma, raqamli texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda harbiy-texnik hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.
Janubiy Koreya tomoni esa ikki tomonlama muzokaralar haqida hozircha ancha qisqa ma’lumot bermoqda. Koreya tomoni e’lon qilgan axborotga ko‘ra, 14-sentabr kuni Li Chje Myon Mirziyoyev bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan, shundan so‘ng 13 ta bitim va memorandum almashish marosimi bo‘lib o‘tgan. Shu bilan birga, Seul Mirziyoyev tashrifini avvalo 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan birinchi «Koreya — Markaziy Osiyo» sammiti kontekstida ko‘rmoqda. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etadi.
Li: Toshkent aeroporti va yuqori tezlikdagi temiryo‘l
Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon Mirziyoyev bilan uchrashuvdan so‘ng tomonlar «alohida strategik sheriklik» munosabatlarini chuqurlashtirish niyatini tasdiqlaganini bildirdi. Bu Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyodagi biror davlat bilan o‘rnatgan yagona shunday darajadagi munosabatidir.
Li X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida Toshkentning yangi aeroporti va yuqori tezlikdagi temiryo‘l loyihasini alohida ta’kidlab, ularni O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishining muhim drayveriga aylanishi mumkin bo‘lgan hamkorlik yo‘nalishlari deb atadi.
«Koreya Respublikasining texnologiyalari va tajribasidan foydalangan holda biz osmon va yerda yangi yo‘llarni birgalikda ochamiz», — deb yozdi Li.
Li, shuningdek, O‘zbekistondagi Koreys diasporasi tarixi muzeyi loyihasini birgalikda ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Loyiha 2027-yilda nishonlanadigan koreyslarning Markaziy Osiyoga ko‘chirilganining 90 yilligiga bag‘ishlanadi.
Janubiy Koreya Prezidenti O‘zbekistonga etnik koreyslarni «og‘ir davrlarda iliq kutib olib, qo‘llab-quvvatlagani» uchun alohida minnatdorlik bildirib, koreys diasporasini ikki mamlakat o‘rtasidagi muhim ko‘prik deb atadi.
12 milliard dollarlik portfel
O‘zbekiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar davomida iqtisodiy hamkorlikning qator yirik yo‘nalishlari belgilab olindi. Investitsiya portfeliga umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollar bo‘lgan loyihalar kiritilgan.
Tomonlar Koreya Eksimbanki bilan strategik sheriklik dasturini qabul qilishga kelishib oldi. E’lon qilingan axborotda ushbu 12 milliard dollar qaysi loyihalar o‘rtasida taqsimlanishi haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Mirziyoyev Janubiy Koreya bilan iqtisodiy hamkorlikning beshta ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi. Ular orasida savdoni kengaytirish, investitsiyalar hajmini oshirish, muhim minerallar, transport va infratuzilma sohalaridagi hamkorlik bor.
Alohida yo‘nalish sifatida koreys texnologiyalari va O‘zbekistonning resurs-sanoat salohiyatiga tayanuvchi texnologik alyans tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Uning ustuvor yo‘nalishlari sifatida axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, tibbiyot, sog‘liqni saqlash va farmatsevtikadagi raqamli hamda yuqori texnologiyalar ko‘rsatilgan.
Bu kun tartibi Seulning butun Markaziy Osiyo bilan munosabatlar uchun belgilagan ustuvor yo‘nalishlari bilan hamohangdir. Janubiy Koreya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, sammit maqsadlaridan biri mintaqaning boy muhim mineral va energetika resurslarini Koreyaning qidiruv hamda qayta ishlash texnologiyalari bilan bog‘lashdan iborat.
Seul, shuningdek, bojxona tartibga solish, standartlar, intellektual mulkni himoya qilish, infratuzilma va sanoat obyektlari bo‘yicha hamkorlik orqali koreys kompaniyalarining Markaziy Osiyo bozorlaridagi imkoniyatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
13 ta bitim va memorandum
Imzolangan hujjatlar paketi ko‘plab sohalarni qamrab oladi. O‘zbekiston tomoni xabarida transport va aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, sun’iy intellekt, texnik ko‘mak, oliy, maktab va maktabgacha ta’lim, tibbiy mahsulotlarni tartibga solish, ekologiya va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, intellektual mulkni himoya qilish hamda arxiv ishi sohalaridagi hamkorlik kelishuvlari sanab o‘tilgan.
Koreya tomoni ham hujjatlar sonini tasdiqlab, 13 ta bitim va memorandum imzolanganini ma’lum qildi. Biroq hozircha ularning mazmuni bo‘yicha O‘zbekiston tomoni taqdim etgan darajadagi batafsil ro‘yxat e’lon qilinmagan.
700 dan ortiq qo‘shma korxona
O‘zbekiston Janubiy Koreyani o‘zining asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri sifatida ko‘radi. Toshkent ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koreys kapitali ishtirokidagi 700 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida Janubiy Koreya O‘zbekistonga import yetkazib beruvchi eng yirik davlatlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Import hajmi 906,8 million dollarni tashkil etdi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Koreya Eksimbanki va EDCF jamg‘armasi ko‘magida sog‘liqni saqlash, sanoat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, infratuzilma hamda ta’lim sohalarida loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda Janubiy Koreya universitetlarining to‘rtta filiali va KOICA ko‘magida tashkil etilgan beshta kasb-hunar tayyorlash markazi ham faoliyat yuritmoqda.
Muzokaralar davomida tomonlar nafaqat davlat rahbarlari, balki parlamentlar, vazirlik va idoralar, hududlar hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni ham faollashtirishga kelishib oldi. Mirziyoyev tashrifi arafasida Hududlararo forum bo‘lib o‘tdi. Navbatdagi forum Samarqandda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Harbiy-texnik hamkorlik
Toshkent tomonidan alohida qayd etilgan yo‘nalishlardan yana biri harbiy-texnik hamkorlik bo‘ldi.
Tomonlar idoralararo aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va harbiy mutaxassislarni tayyorlashga tayyor ekanini bildirdi.
Mirziyoyev va Li o‘rtasidagi muzokaralar haqida Koreya tomoni e’lon qilgan axborotda bu yo‘nalish alohida tilga olinmagan.
Ta’lim va madaniyat
Ta’lim sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama kun tartibining yana bir muhim qismi bo‘lib qolmoqda. Koreya universitetlarining to‘rtta filiali va beshta kasbiy tayyorlash markazidan tashqari, tomonlar ikki davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumini kadrlar tayyorlash tajribasi almashinuvi uchun muhim mexanizm sifatida qayd etdilar.
Gumanitar sohada O‘zbekiston va Janubiy Koreya 2027-yilni «Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili» deb e’lon qilishga kelishib oldi.
Mirziyoyev O‘zbekistondagi koreys diasporasining rolini alohida ta’kidlab, uni ikki mamlakat o‘rtasidagi «ma’naviy ko‘prik» deb atadi.
Seul Markaziy Osiyoga e’tiborni kuchaytirmoqda
Mirziyoyev va Li uchrashuvi 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan birinchi «Koreya — Markaziy Osiyo» sammiti arafasida bo‘lib o‘tdi.
Janubiy Koreya uchun bu Markaziy Osiyoning besh davlati bilan o‘tkazilayotgan ilk sammitdir. Seul 2007-yildan buyon faoliyat yuritayotgan Koreya–Markaziy Osiyo hamkorlik forumini vazirlar darajasidan davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarish hamda uzoq muddatli hamkorlik tizimini Seul deklaratsiyasi orqali mustahkamlash niyatida.
Li Chje Myon 14–16-sentabr kunlari Markaziy Osiyoning barcha besh davlati rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Mirziyoyev, Qozog‘iston va Turkmaniston prezidentlari davlat tashrifi bilan, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari esa rasmiy tashrif bilan Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi.
Sammitdan so‘ng Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlari va Janubiy Koreya prezidenti biznes-sammitda ham ishtirok etadi. Seul ma’lumotlariga ko‘ra, unda har bir davlat tomondan davlat idoralari va biznes vakillaridan qariyb 500 nafardan ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Shu tariqa, Toshkent va Seul o‘rtasidagi aniq iqtisodiy kelishuvlar Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyoga qaratilgan kengroq tashabbusining bir qismiga aylandi. Hozircha ikki tomonlama muzokaralar tafsilotlarini aynan O‘zbekiston tomoni ko‘proq ochiqladi — jumladan, investitsiya portfeli hajmi, hamkorlik yo‘nalishlari va ayrim loyihalar mazmuni haqida ma’lumot berdi. Janubiy Koreya tomoni esa e’lon qilingan axborotda asosan bo‘lajak «Koreya — Markaziy Osiyo» sammitiga e’tibor qaratib, Mirziyoyev bilan uchrashuv va 13 ta hujjat almashilgani haqida qisqacha ma’lumot berdi.
Shuningdek o‘qing: