Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma: Ilhom Aliyevning Toshkentga tashrifi O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlarida yangi bosqich bo‘lishi mumkinmi?

By |
Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyev Toshkentda, 2026-yil 23-avgust

O‘zbekiston va Ozarbayjon 23-avgust kuni Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolab, ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Shu bilan birga, tomonlar savdo, investitsiyalar, madaniyat, turizm va ijtimoiy ta’minot sohalarini qamrab oluvchi, uzoq muddatli hamkorlikka qaratilgan hujjatlar paketini ham imzoladilar.

Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning Toshkentga davlat tashrifining asosiy siyosiy natijasi bo‘ldi va ikki mamlakatning siyosiy, iqtisodiy hamda gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi kursini mustahkamladi. Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi transport yo‘laklarining ahamiyati ortib borayotgan bir paytda, mazkur kelishuv Toshkent va Boku ko‘p yillik sheriklikni uzoq muddatli ittifoqqa aylantirishga intilayotganini ko‘rsatadi.

Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi Toshkent va Boku o‘zaro munosabatlarni oddiy do‘stona sheriklikdan yanada chuqurroq va uzoq muddatli formatga o‘tkazishga intilayotganini namoyish etdi. Rasmiy bayonotlar ortida milliardlab dollarlik investitsiyalar, iqtisodiy loyihalar, transport yo‘nalishlari, ta’lim tashabbuslari va bir-birini tobora ko‘proq strategik ittifoqchi sifatida ko‘rayotgan ikki davlatning o‘zaro bog‘liqligi turibdi.

“Sammit yakunida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi buning tasdigʻi boʻladi. Eng muhimi, strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning har bir bandi aniq natijalar va amaliy harakatlarda oʻz ifodasini topadi,”, — dedi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Aliyev esa tashrif arafasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ga bergan intervyusida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi bosqichini misli ko‘rilmagan darajada deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida ikki mamlakat rahbarlari 15 marta oliy darajadagi o‘zaro tashriflarni amalga oshirgan. Joriy davlat tashrifi Aliyev uchun O‘zbekistonga uchinchi davlat tashrifi va umuman yettinchi tashrif bo‘ldi. Shu davr ichida Strategik sheriklikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan bo‘lib, ular bugungi hamkorlik formatining huquqiy asosini yaratdi.

“Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi, ittifoqchilik darajasiga chiqdi va mutlaqo yangi mazmun kasb etdi”, — dedi Aliyev.

Ramziy ishoralardan iqtisodiyotga

Bir necha yil avval Toshkent va Boku o‘rtasidagi munosabatlar nisbatan sokin rivojlanar, kamdan-kam hollarda keng jamoatchilik e’tiboriga tushardi. Biroq so‘nggi besh yil ichida hamkorlik sezilarli darajada jadallashdi.

Aliyevning aytishicha, 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 795 million dollarga yetib, avvalgi yilga nisbatan uch baravardan ko‘proq oshgan. 2026-yilning yanvar–may oylarida esa o‘zaro savdo o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yana 33 foizga ko‘paygan.

Endilikda hukumatlar yangi maqsadni belgilagan — 2030-yilgacha tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish. Iqtisodiy hamkorlikning asosiy vositalaridan biri sifatida uch yil avval tashkil etilgan va 500 million dollarlik kapitalga ega Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi qolmoqda.

Hamkorlik faqat savdo bilan cheklanmaydi. Energetika, kimyo sanoati, tog‘-kon sohasi, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va shaharsozlik yo‘nalishlarida loyihalar amalga oshirilmoqda. Joriy tashrif davomida bank-moliya sektori, neft-gaz sanoati, turizm, uy-joy qurilishi va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi tashabbuslar e’lon qilindi.

Hamkorlikning alohida yo‘nalishlaridan biri qayta tiklanuvchi energiya eksporti bilan bog‘liq. 2025-yilda Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston “Yashil koridor ittifoqi”ni tashkil etib, Kaspiy dengizi orqali elektr energiyasini Yevropa bozorlariga uzatish loyihasini muvofiqlashtirishni maqsad qilgan.

Bunday diversifikatsiya ikki tomon bir yoki ikkita yirik loyihaga qaram bo‘lib qolmasdan, barqaror iqtisodiy aloqalar tarmog‘ini shakllantirishga intilayotganini ko‘rsatadi.

Tashrif arafasidagi intervyusida Aliyev O‘zbekistondagi ikki yirik ozarbayjon loyihasini alohida ta’kidladi — PASHA Holding tomonidan Toshkentda qurilayotgan The Ritz-Carlton mehmonxona va turar joy majmuasi hamda Toshkent viloyatidagi Sea Breeze Uzbekistan kurorti.

Sea Breeze — yangi bosqich ramzi

Bugungi kunda O‘zbekistondagi eng ko‘zga ko‘ringan ozarbayjon investitsiya loyihasi Chorvoq suv ombori bo‘yida qurilayotgan Sea Breeze Uzbekistan hisoblanadi.

Taxminan 5 milliard dollarga baholanayotgan loyiha Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning sobiq kuyovi Emin Agalarovga tegishli Agalarov Development kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. 2025-yil avgust oyida O‘zbekiston hukumati 577 gektar maydonda yil davomida faoliyat yuritadigan kurort qurilishini rasman ma’qullagan.

Loyiha davlat tomonidan misli ko‘rilmagan darajadagi qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘ldi. Investor uzoq muddatli ijara huquqlari, qurilish ishlarini amalga oshirishning alohida tartibi va qator imtiyozlarga ega bo‘ldi. Loyiha mehmonxonalar, turar joy majmualari, plyaj infratuzilmasi, sport inshootlari va ta’lim muassasalarini o‘z ichiga oladi.

Chorvoq bo‘yidagi qurilish bo‘yicha ekologik bahslar va jamoatchilik muhokamalariga qaramay, Sea Breeze O‘zbekistondagi eng yirik ozarbayjon investitsiyalaridan biri bo‘lib qolmoqda hamda ikki mamlakat siyosiy rahbariyati o‘rtasidagi ishonch darajasini namoyish etadi.

Boku uchun loyiha Markaziy Osiyodagi iqtisodiy ishtirokini mustahkamlash imkoniyatidir. Toshkent uchun esa turizm sohasiga yirik xususiy kapitalni jalb qilish vositasidir.

Tashrif davomida ikki prezident Sea Breeze Uzbekistan turar joy va dam olish majmuasi qurilishiga rasman start berdi.

Ozarbayjon O‘zbekiston energetika sektoridagi ishtirokini ham kengaytirmoqda. Tashrif davomida prezidentlar SOCAR kompaniyasining beshta yangi yoqilg‘i quyish shoxobchasini ishga tushirdi. Ozarbayjon davlat neft kompaniyasi allaqachon O‘zbekiston bilan neft-gaz sohasida hamkorlik qilmoqda. SOCAR va “O‘zbekneftgaz” tomonidan tashkil etilgan Turan Energy AFEZCO qo‘shma korxonasi O‘zbekistonga “Azerikimya” ishlab chiqargan yuqori bosimli polietilen eksporti bilan shug‘ullanadi. Yana bir qo‘shma korxona — O‘ZLITINEFTGAZ instituti va SOCAR NIPI Nefteqaz negizida tashkil etilgan Neftegaztexnologiya 2016-yildan buyon neft-gaz sohasida faoliyat yuritmoqda.

O‘rta koridorning ahamiyati ortmoqda

Muzokaralarda transport bog‘liqligi masalasi alohida o‘rin tutdi.

Ikki davlat rahbarlari Xitoy, Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi, Janubiy Kavkaz va Yevropani Rossiyani chetlab o‘tgan holda bog‘laydigan O‘rta koridorni birgalikda rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar.

Aliyev O‘rta koridor rivojlanishini kelajakdagi Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li bilan ham bog‘ladi. Uning fikricha, yangi yo‘nalishni Ozarbayjon orqali o‘tuvchi transport koridorlari bilan integratsiya qilish butun mintaqa uchun qo‘shimcha tranzit imkoniyatlarini yaratadi.

So‘nggi yillarda ushbu transport yo‘nalishining ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Geosiyosiy o‘zgarishlar, sanksiyalar va logistika zanjirlarini diversifikatsiya qilishga intilish muqobil marshrutlarga bo‘lgan talabni kuchaytirdi.

O‘zbekiston uchun Ozarbayjon Yevropa bozorlariga olib boruvchi muhim tranzit bo‘g‘iniga aylanmoqda. Ozarbayjon uchun esa O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi asosiy hamkorlardan biri va muhim yuk oqimi manbaidir.

Shu sababli transport sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning asosiy unsurlaridan biriga aylanib bormoqda.

Madaniyat siyosat vositasi sifatida

Ko‘plab xalqaro sammitlardan farqli o‘laroq, bu galgi tashrif nafaqat iqtisodiy, balki gumanitar kun tartibi bilan ham boy bo‘ldi.

Gap Yangi Toshkentdagi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Milliy pedagogika universitetining yangi binosi ochilishi va «Ozarbayjon» bog‘i qurilishining boshlanishi haqida bormoqda.

Bundan tashqari, tomonlar «Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi adabiy ko‘prik» nomli qo‘shma film yaratishni taklif qildilar. Kuzda Ozarbayjonda ikki mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tadi.

Bunday loyihalar faqat madaniyat sohasi uchun emas, balki kengroq ma’noda ham muhimdir. Ular uzoq muddatli ijtimoiy aloqalarni shakllantiradi va ko‘pincha siyosiy kelishuvlardan ham barqarorroq bo‘ladi.

Bu O‘zbekiston va Ozarbayjon uchun ayniqsa muhim, chunki har ikki mamlakat umumiy turkiy madaniy makon konsepsiyasidan tashqi siyosatining muhim unsurlaridan biri sifatida foydalanmoqda.

Yoshlar va sport

Hamkorlikning alohida yo‘nalishlaridan biri yoshlar siyosati hisoblanadi.

2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon yoshlar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Shu munosabat bilan tomonlar «Ikki mamlakat — bir chempionat» nomli keng ko‘lamli dastur tayyorlashga kelishib oldilar.

Dastur doirasida qo‘shma sport, yoshlar va madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunday yondashuv xalqaro turnirdan nafaqat sport musobaqasi, balki ikki mamlakatni jahon maydonida targ‘ib qilish vositasi sifatida ham foydalanish imkonini beradi.

Xalqaro imijini mustahkamlash va investitsiyalarni jalb qilishga intilayotgan davlatlar uchun bunday loyihalar qo‘shimcha ahamiyat kasb etadi.

Butun mintaqa uchun siyosiy signal

Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma va Oliy davlatlararo kengash uchinchi yigʻilishining qaroridan tashqari, tomonlar iqtisodiyot, madaniyat, turizm, ijtimoiy soha va hududlararo hamkorlikni qamrab oluvchi hukumatlararo hamda idoralararo hujjatlar paketini imzoladilar.

Asosiy hujjatlar qatoridan 2030-yilgacha o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish dasturi, investitsiyalar va savdo sohasidagi kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi, pensiya ta’minoti, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar o‘rin oldi.

Shuningdek, 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari va adliya vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturlari, kinologiya sohasida tajriba almashish bo‘yicha memorandum hamda Urganch va Xonkendi, Buxoro va Lochin, shuningdek Urganch va Naxchivon o‘rtasida qardosh shaharlar munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi protokollar imzolandi.

Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishini nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqa uchun siyosiy signal sifatida baholash mumkin.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya va Ozarbayjon bilan aloqalarini izchil mustahkamlab bormoqda. Boku esa investitsiya loyihalari, transport tashabbuslari va gumanitar hamkorlik orqali Markaziy Osiyodagi ishtirokini faol ravishda kengaytirmoqda.

Natijada faqat madaniy yaqinlikka emas, balki pragmatik iqtisodiy manfaatlarga ham tayanuvchi munosabatlar tarmog‘i shakllanmoqda.

O‘zAga bergan intervyusida Aliyev 2025-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida qabul qilingan, Ozarbayjonning ushbu mexanizmda to‘laqonli ishtirok etishi haqidagi qarorni alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi «C5» formati amalda «C6» formatiga aylangan bo‘lib, bu Ozarbayjonning mintaqaviy jarayonlardagi roli ortib borayotganini aks ettiradi.

23-avgust kuni Toshkentda Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti — «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi. Ilhom Aliyevga esa O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti — «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi.

Shuningdek o‘qing:

Ulashish

Fikr bildirish