7-noyabr O‘zbekistonda o‘nlab yillar davomida nishonlangan. Quyidagi suratlarda 1919, 1931, 1965, 1970, 1973 va 1981 yillardagi bayramlar aks etgan. O‘zbekistonda 7-noyabr oxirgi marta 1990-yilda rasmiy ravishda nishonlangan.
O‘zbekistonda 7-noyabr bayramining tarixi
Rossiyada sodir bo‘lgan Oktyabr inqilobi (o‘sha paytda hozirgi O‘zbekiston hududi ham imperiya tarkibida edi) bundan 108 yil avval bo‘lgan. Unchalik uzoq emas — bu paytda mening buvimga 18 yosh edi. Eski taqvim bo‘yicha bu voqea 25-oktyabrda sodir bo‘lgan, yangi taqvim bo‘yicha esa bu sana 7-noyabrga to‘g‘ri keladi.

Bugun esa o‘sha vaqtda Petrogradda nimalar bo‘lganini tasavvur qilolmaydigan butun bir avlod ulg‘aygan. Esga solaman: 1917-yil 25–26-oktyabr kunlari sodir bo‘lgan qurolli Oktyabr qo‘zg‘oloni natijasida (uning asosiy tashkilotchilari Vladimir Lenin, Lev Trotskiy, Yakov Sverdlov va boshqalar edi) Muvaqqat hukumat ag‘darilgan. Natijada hokimiyatni bolsheviklar ko‘pchilikni tashkil etgan II Butunrossiya Sovetlar syezdi tomonidan tuzilgan hukumat qo‘lga olgan. 1917-yil noyabrida yangi hukumatni Favqulodda dehqon deputatlari syezdi ham ko‘pchilik ovoz bilan qo‘llab-quvvatlagan.

Oktyabr inqilobi nafaqat Rossiya, balki butun dunyo uchun uzoq muddatli oqibatlarga ega bo‘lgan. Lenin boshchiligidagi Ikkinchi Butunrossiya Sovetlar syezdi tomonidan tuzilgan Sovet hukumati eski davlat apparatini tugatib, Sovetlarga tayangan yangi davlat tuzilmasini barpo etishni boshlagan. Qurollangan guruhlarning qarshiligiga qaramay, o‘tgan asrning yigirmanchi yillariga kelib butun Markaziy Osiyo (hozirgi besh mustaqil davlat) SSSR tarkibiga kirgan.
Lenin maydonidagi paradlar

Sovet davrida 7-noyabr kabi bayramlardagi mehnatkashlar namoyishiga korxonalarda va o‘quv yurtlarida oldindan jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan. Ustalar va rassomlar ustaxonalarda transparentlar va rangli shiorlar tayyorlashgan. Ertalabdan ishchilar o‘z korxonalari oldida to‘planishgan, so‘ng avtobuslarda yoki piyoda shahar markazidagi bosh maydonga yo‘l olishgan.

Maydon atrofidagi yo‘llar yopilgan, shu bois ko‘pchilik toshkentliklar paradda piyoda qatnashgan. Yo‘l bo‘ylarida buvijonlar bayroqchalar, hushtaklar va sharlar sotishgan.
Suratlar va xotiralar
Darhol aytib o‘taman — men Sovet Ittifoqining muxlisi emasman. Yaxshi tomoni sifatida faqat o‘sha paytda yaxshi ishlagan ijtimoiy liftlarni eslab o‘tishim mumkin. Bizning oila hech qachon bepul uy olmagan. O‘sha davrdagi ta’lim va tibbiyot shartli ravishda bepul edi (kechki davrda repetitorlar va pora tizimi mavjud edi).

Pul tanqisligi, hozirgidek, o‘sha paytda bo‘lmagan — sababi, aksincha, tovarlar tanqis edi. Jamiyat tanlashga majbur edi: qaysi tanqislik afzal — pulniki yoki tovarniki.


7-noyabr men uchun Toshkentning bosh maydonida (hozirgi Mustaqillik maydoni) o‘quvchilarning chiqishlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun sarflangan ko‘p soatlar bilan bog‘liq. Keyinchalik esa birinchi kurs talabasiman, 1979-yilda Jizzax viloyati dalalarida qor ostida mashinalardan qolgan paxta puchog‘ini terishga chiqqan edik.

Shunga qaramay, tarixni eslab qolish muhim. Ba’zi kishilar uchun esa Oktyabr inqilobini nishonlash haqidagi xotiralar yorqin, hatto iliq his-tuyg‘ular bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin. Qadimgi suratlarni tomosha qilamiz.











7-noyabr bayrami qachon bekor qilindi
O‘zbekistonda 7-noyabr munosabati bilan o‘tkazilgan so‘nggi parad 1990-yilda bo‘lib o‘tgan. «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida«gi qonun 1991-yil 31-avgustda qabul qilingan. Shu sababli 1991-yildan boshlab va keyingi yillarda 7-noyabr bayrami rasmiy tarzda nishonlanmagan.