So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 10-avgust kuni Rossiyaning Tatariston Respublikasidagi Nijnekamsk shahrida joylashgan obyektlarga uyushtirilgan dron hujumi oqibatida halok bo‘lganlar orasida O‘zbekistonning sakkiz nafar fuqarosi ham bor. Avvalroq O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasi yetti nafar fuqaro halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.
Tatariston huquqni muhofaza qiluvchi organlari ma’lumotiga ko‘ra, hujum natijasida 13 kishi halok bo‘lgan.
«Mazkur mudhish voqea oqibatida, afsuski, O‘zbekiston Respublikasining 7 nafar fuqarosi (A.D.K., U.S.A., B.O.M., A.R.E., X.D.R., X.F.F. va I.D.F.) halok bo‘lgan», — deyiladi Bosh konsulxona bayonotida. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni sakkiz nafarga yetdi.
Diplomatik vakolatxona halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildirdi. Shuningdek, vaziyat nazorat ostida ekani va hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida mahalliy hokimiyat hamda tergov organlari bilan hamkorlik qilinayotgani qayd etildi.
Sud-tibbiy ekspertiza va zarur rasmiy jarayonlar yakunlangach, marhumlarning jasadlari O‘zbekistonga olib kelinadi.
Tatariston rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, Nijnekamskka uyushtirilgan dron hujumida 13 kishi halok bo‘lgan. Yana 75 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, ulardan 21 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Mahalliy hokimiyat vakillari qurbonlar orasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ham borligini bildirgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi dronlar turar joy hududlari va sanoat obyektlariga zarba berganini ma’lum qildi. Hodisa yuzasidan terrorchilik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘z navbatida, Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi hujum nishoni Nijnekamskdagi «Taneko» neftni qayta ishlash zavodi bo‘lganini bildirdi. Ukraina tomoni obyektga zarba berilgani va yong‘in yuzaga kelganini ma’lum qilgan, biroq halok bo‘lganlar haqidagi xabarlarni izohlamagan.
O‘zbekiston rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lgan sakkiz nafar fuqaroning barchasi Nijnekamskdagi qurilish kompaniyalaridan birida quruvchi bo‘lib ishlagan. O‘zbekistonning yana bir necha fuqarosi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida Hukumat komissiyasi tuzildi. Rossiyaga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi hamda boshqa idoralar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh yuborildi.
O‘zbekiston hukumati halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlari maxsus aviareys orqali Vatanga olib kelinishi, ularning oila a’zolariga esa zarur yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.