O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitida Rossiya bilan yanada yaqinroq hamkorlik va muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidladi.
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan sammitda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari ishtirok etdi. Kun tartibida savdo, investitsiya, infratuzilma, energetika va xavfsizlik masalalari muhokama qilindi.
O‘z nutqida Mirziyoyev Rossiyani O‘zbekistonning “ustuvor strategik sherik va ittifoqchi” deb atab, xalqlar o‘rtasidagi “umumiy tarix, madaniy va dunyoqarash jihatdan yaqinligi”ni alohida qayd etdi.
“Rossiya biz uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi bo‘lib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishini ta’kidlayman”, — dedi u.
Prezident ta’kidlashicha, kuchayib borayotgan geosiyosiy tanglik va jahon iqtisodiyotidagi inqiroz holatlari Rossiya bilan aynan yaqinroq muvofiqlashtirishni talab qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Markaziy Osiyo – Rossiya” formati mintaqa barqarorligini ta’minlash va yangi chaqiriqlarga birgalikda javob topishning muhim mexanizmiga aylanmoqda.
U yuqori darajadagi uchrashuvlarni har yili o‘tkazish, hukumatlar o‘rtasida muntazam aloqalar yo‘lga qo‘yish va hamkorlik loyihalarini tezlashtirish uchun bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzishni taklif qildi.
Iqtisodiyot va transport
Mirziyoyev iqtisodiy hamkorlikni o‘zaro aloqalarning markaziy yo‘nalishi deb atadi. Uning aytishicha, o‘tgan va joriy yillarda O‘zbekiston, Rossiya va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 15 foizga oshgan. U savdoni yanada rivojlantirish choralarini ishlab chiqishni — tartiblarni soddalashtirishdan tortib “Markaziy Osiyo – Rossiya Agroekspress” loyihasini ishga tushirishgacha — taklif qildi.
Alohida e’tibor infratuzilmaga qaratildi. Mirziyoyev milliy transport dasturlarini “Shimol – Janub” yo‘lagi bilan uyg‘unlashgan yagona transport-logistika tizimiga birlashtirishni taklif qildi. Maqsad — tashqi zarbalarga bardosh bera oladigan barqaror va o‘zaro bog‘langan transport tarmog‘ini yaratish.
Sanoat, innovatsiya va energetika
Prezident ta’kidlashicha, O‘zbekiston Rossiya kompaniyalari bilan sanoat hamkorligini kengaytirmoqda — gaz-kimyo va metallurgiya sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Mirziyoyev Buxoro shahrida “Markaziy Osiyo – Rossiya” sanoat injiniring xabini tashkil etishni taklif qildi, bu zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun maydonga aylanishi mumkin.
Shuningdek, u Toshkentdagi “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasiga mintaqaning bosh sanoat va innovatsion platformasi maqomini berishni taklif etdi. Joriy yilda unda 35 mamlakatdan ortiq 10 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi, imzolangan bitimlar hajmi 5 milliard dollardan oshdi.
Energetika haqida so‘z yuritar ekan, Mirziyoyev O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi va Yadro tibbiyoti markazi tashkil etilishi boshlanganini ma’lum qildi. U Atom energetikasi bo‘yicha mintaqaviy kompetensiyalar markazini ochish hamda “Markaziy Osiyo va Rossiya energetik hamkorligi” dasturini ishlab chiqishni taklif etdi.
Xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlik
O‘zbekiston Prezidenti terrorizm, ekstremizm, odam savdosi va kiberxavf-xatarlar bilan kurashishda maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasida yaqin hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, u Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi maslahatlashuvlarni o‘tkazishni, bu mamlakatda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi.
Gumanitar va ilmiy tashabbuslar
Gumanitar tashabbuslar orasida Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati va san’ati festivali hamda mintaqaning yetakchi universitetlari va ilmiy markazlarini birlashtiruvchi “Kelajak muhandislari” ilmiy-ta’lim konsorsiumi tashkil etish bor.
Mirziyoyev, shuningdek, yosh olim va tadqiqotchilar uchun grant dasturini yo‘lga qo‘yish, “Skolkovo” innovatsion markazi filiallini ochish va sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalar bo‘yicha ekspert kengashini tuzishni taklif etdi.
Nutqining yakunida O‘zbekiston rahbari “mintaqadagi barcha mamlakatlarning xavfsizligi, barqaror rivojlanishi va farovonligi yo‘lida Rossiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini” tasdiqladi, deya ta’kidladi Mirziyoyev matbuot xizmati.
Sammit yakunida 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Qo‘shma kommunikye va Harakatlar rejasi qabul qilindi.