Ohangarondagi hodisadan so‘ng O‘zbekistonda jazoni ijro etish tizimi xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

By | 22/10/2025
Uchinchi sinf o‘quvchisini zo‘rlaganlikda gumonlanuvchining qo‘lga olingan payti

O‘zbekistonda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu holat Toshkent viloyati Ohangaron tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan zo‘ravonlik ishi tergovi davomida aniqlangan holatlar bilan bog‘liq.

Milliy ijtimoiy himoya agentligi rasmiy bayonotida qayd etilishicha, jinoyat ishi Markaziy tergov izolyatori rejim bo‘limi serjanti Sh.O. va boshqa xodimlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi “v” bandi — «davlat organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi» bilan qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq, 16-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Ohangaron tumanida uchinchi sinf o‘quvchisiga nisbatan uyatsiz harakatlar sodir etilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, 1994-yilda tug‘ilgan gumonlanuvchi (M.T.) protsessual tartibda qo‘lga olingan.

Unga Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi — «o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish», hamda 119-moddasi 4-qismi — «o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish» bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Milliy ijtimoiy himoya agentligi vaziyatni o‘z nazoratiga olganini bildirdi. Voyaga yetmagan jabrlanuvchining huquqlarini himoya qilish hamda psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislaridan ishchi guruh tuzilgan.

Jabrlanuvchi birlamchi yordam xonasiga joylashtirilgan va psixolog bilan suhbat o‘tkazilmoqda. Agentlik tergov jarayonini hamda bola huquqlarining ta’minlanishini nazorat qilinishini ta’kidladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, jabrlanuvchi — uchinchi sinf o‘quvchisi, gumonlanuvchi esa ilgari voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etgani uchun sudlangan shaxs bo‘lgan. U koloniyadan qochib, maktabdan qaytayotgan qizchaga hujum qilgan.

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan