10 sentabrga o‘tar kechasi Vladivostokda o‘smirlarning O‘zbekiston fuqarolariga qilgan hujumlari bilan boshlangan voqea davom etdi. Endi esa politsiya xabarlarida vaziyat teskari: jabrlanganlar orasida voyaga yetmagan rossiyaliklar bor.
Vladivostok IIB ma’lumotiga ko‘ra, hodisa shahar Frunze tumanida yuz berdi. 14 yoshli uch nafar o‘smir Okean prospektidagi savdo markazidagi kafeda bo‘lgan. Ularning oldiga qo‘shni do‘kon qo‘riqchisi kelib, ular o‘g‘irlikda gumon qilinayotganini aytib, videokuzatuv yozuvlarini tekshirish uchun xizmat xonasiga o‘tishni taklif qilgan.
O‘smirlar xonaga kirganida, u yerda ularni ikki erkak kutib turgan. Tergovchilarning aniqlashicha, ular “sobiq sovet respublikalaridan biri”dan bo‘lgan, 20 va 25 yoshdagi shaxslar (maqola yuqorisidagi videodan kadr). Ular voyaga yetmaganlarga hujum qilib, tan jarohatlari yetkazgan. Shuningdek, o‘smirlarni kamera qarshisida kechirim so‘rashga majburlashgan.
Jinoyatchilar qo‘lga olindi, politsiya tekshiruv o‘tkazmoqda. 14 yoshli uch o‘smirni noqonuniy tarzda erkinlikdan mahrum qilish va o‘ldirish bilan tahdid qilish bo‘yicha ikki nafar migrantga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi (RF JK 127-modda 2-qism “a, v, d, j” bandlari, 119-modda). Vladivostokdagi o‘smirlarning kaltaklanishi bo‘yicha ishni Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin shaxsan nazoratga oldi.
Ushbu voqea 16 sentabr kuni sodir bo‘lgan. O‘sha paytda Primorye Tergov qo‘mitasi migrantlarga hujum qilgan o‘smirlar guruhiga nisbatan bezorilik ishi qo‘zg‘atgan edi. Ularning orasida 15 yoshli, mast holdagi Vladivostoklik o‘smirlar bor edi. Ular O‘zbekiston fuqarolarini kaltaklab, gaz ballonlari purkashgan va mulkni shikastlashgan.
Avvaliga bitta gumonlanuvchi qo‘lga olingan edi. Endi politsiya ikkinchi, 2010-yilda tug‘ilgan o‘smirning ham hibsga olinganini tasdiqladi. Har ikkisi tergov organlariga topshirildi. Qolgan ishtirokchilar qidirilmoqda.
Mojaro endi mahalliy voqea doirasidan chiqib ketdi. Vladivostokdagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi o‘z fuqarolarining jabrlanganini rasmiy tasdiqladi. O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarda sodir bo‘layotgan voqealar faol muhokama qilinmoqda, Rossiyadagi zo‘ravonlik va ksenofobiya o‘sishi tarixiy misollar bilan qiyoslanmoqda.
Endi esa, o‘smirlarning hujumlariga javoban migrantlar tomonidan voyaga yetmaganlar jabrlanayotgani vaziyatga yangi keskinlik darajasini olib keldi. Politsiya “qonuniy va asosli qaror qabul qilish”ni va’da qilmoqda, ammo tizimga ishonch — na migrantlar, na mahalliy aholida — ortmayapti.
Rossiya o‘n yillardan beri iqtisodiyotini Markaziy Osiyodan ishchi kuchini jalb etishga tayab kelmoqda, ammo u na migrantlarning, na mahalliy o‘smirlarning xavfsizligini ta’minlay olmayapti. Vladivostok davlat tomonidan yillar davomida yashirib kelinib, hal qilinmagan qarama-qarshiliklar qanday qilib ko‘chadagi to‘qnashuvlarga aylanib ketayotganining namunasi bo‘lib qoldi. Endi esa hech kim o‘zini xavfsiz his qilmayapti.